Ilon Mask Ukrainada Starlink'ni o‘chirib qo‘ymoqchi. Bu ham Putinning bir rejasimi?

Olam

image

Amerikalik milliarder Ilon Mask o‘zining keskin mulohazalari va harakatlari bilan barchani lol qoldirishda davom etmoqda. Xususan, u kecha, 14- oktyabr kuni Ukraina uchun Starlink'ni moliyalashtirish to‘xtatilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda “Euronews” xabar bermoqda.

Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu internet-terminallar Kiyev armiyasining jang maydonidagi o‘zaro aloqasi, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bosqini davrida tinch aholi o‘z yaqinlari bilan aloqada bo‘lishida muhim rol o‘ynayapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungacha Ukrainaga 25 mingga yaqin Starlink terminallari yuborilgan. Ammo Mask kecha, 14 oktyabr  kuni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida "operatsiya SpaceX uchun hozirgacha 80 million dollarga tushgani va yil oxirigacha xarajatlar 100 million dollardan oshishi" haqida yozdi. 

Milliarder SpaceX kompaniyasi mavjud tizimni cheksiz vaqtgacha ta’minlab, minglab qo‘shimcha terminallarni jo‘natishda davom eta olmasligini, bu aqlga sig‘masligi haqida ogohlantirgan.

“SpaceX shu paytgacha qilingan xarajatlarni qoplashni so‘ramayapti, biroq mavjud tizimni cheksiz muddat moliyalashtira olmaydi. Biz ham qiyinlashib borayotgan kiberhujumlar va boshqa xavflardan himoyalanishga majburmiz", deydi Mask.

Oldinroq 13 oktyabr kuni SNN telekanali SpaceX AQSH hukumatidan texnologiyani moliyalashtirishda yordam so‘ragani haqidagi hujjatlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, xarajatlar kelasi yil davomida taxminan 400 million dollarga yetishi mumkin.

Pentagon vakili 14 oktyabr kuni AQSH Mudofaa vazirligi SpaceX'dan Starlink'ni moliyalashtirish to‘g‘risida xat olganini tasdiqladi va u kompaniya va boshqalar bilan "aloqada" ekanligini aytdi.
 
Ukraina Prezidenti maslahatchisi Mixail Podolyak Maskning ogohlantirishiga munosabat bildirib, Starlink Ukrainada o‘z ishini davom ettirish uchun hukumat tez orada yechim topishini qayd etdi.

“Urushning  eng og‘ir damlarida Ilon Mask bizni qo‘llab-quvvatladi. Biznes har xil  kuch strategiyalarini talab qiladi. Ishonamanki, Starlink o‘z ishini davom ettirish orqali muammolariga yechim topa oladi. Muzokaralar tugagunga qadar kompaniya barqaror aloqani taqdim etishi aniq”, deb yozgan Ukraina Prezidenti devoni vakili.

SpaceX tomonidan yetkazib berilayotgan qurilma fevral oyida urush boshlanganidan beri Ukraina hukumati va harbiylari uchun rejalashtirish va operatsiyalarni muvofiqlashtirish uchun juda muhim bo‘lib kelmoqda. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, mamlakat internet infratuzilmasining 15 foizga yaqini mojaro tufayli vayron bo‘ldi.

Starlink uchun mablag‘larni qisqartirish mumkinligi haqidagi e’lon Maskning Ukrainaga nisbatan pozitsiyasi  haqida jamoatchilikning tortishuvlariga sabab bo‘ldi.

Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari Mixail Fedorov ijtimoiy tarmoqlarda Mask bilan bo‘lgan keskinlikni kamaytirishga urinib, milliarderning Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi dunyodagi eng yirik xususiy "donor"lar qatorida ekanini yozdi.
So‘nggi kunlarda Ukraina qo‘shinlari Rossiya tomonidan bosib olingan yerlarni qaytarib olishga urinmoqda, lekin ayni paytda Starlink tarmog‘ida uzilishlar haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Ukrainaning sobiq Mudofaa vaziri Andrey Zagorodnyukning "Financial Times" gazetasiga bergan intervyusida “Mask qurilmalarni ma’lum sohalarda samarasiz qilib qo‘ymasligiga umid qilaman” deb aytgan gapi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida yana shubha uyg‘otdi. Bu qaysidir ma’noda Maskning Putin bilan aloqasi borligiga ishora bo‘lishi mumkin.

Bir necha kun oldin esa Mask Twitter’da Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi va  107,7 million kuzatuvchilari o‘rtasida  so‘rovnoma o‘tkazdi. Takliflardan birida milliarder Ukraina o‘z hududining bir qismini Rossiyaga berishi kerakligini aytdi va bu keng tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Buning ortidan Ilon Mask Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatish bo‘yicha takliflarini berishdan oldin Prezident Vladimir Putin bilan gaplashgani haqida xabarlar tarqaldi. Eurasia Group siyosiy konsalting kompaniyasi rahbari Ian Bremmerning ta’kidlashicha, Mask unga Putin bilan bo‘lgan suhbat haqida shaxsan o‘zi aytgan.

Bu mulohazalarga Mask shunday javob berdi: “Men Putin bilan faqat bir marta gaplashganman va bu, taxminan, 18 oy oldin edi. Suhbat mavzusi kosmik kemalar bo‘lgan”.

Musulmon Ziyo 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

193

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing