ILMA Otabek Bakirov ustidan IIBBga shikoyat kiritdi
3-sahifa
−
17 aprel 10678 4 daqiqa
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov ustidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga shikoyat arizasi kiritdi. Arizaga TEMU platformasining taqiqlanishiga munosabat tarzida yozilgan “Qonunsiz superregulyator” posti sabab bo‘lgan. Bu haqda Bakirovning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
Agentlik Bakirov tomonidan yozilgan postni obro‘sizlantirishga urinish deb baholamoqda.
Bildirilishicha, shikoyatni Agentlik rahbari birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak imzolagan. Shikoyatga Agentlik ishonchli vakilining tushuntirish xati ilova qilingan. Ariza hozirda poytaxt IIBB Kiberxavfsizlik bo‘linmasi tomonidan o‘rganilmoqda.
“Kecha oqshom chaqiruv bo‘yicha tergovga dastlabki tushuntirishlarni yozma va og‘zaki tarzda taqdim etdim (ish bo‘yicha hujjatlardan nusxa hali berilmadi)”, deb yozgan Otabek Bakirov.
Iqtisodchi TEMU platformasining taqiqlanishi bo‘yicha bugungacha yozgan to‘rtta postini ham ilova qilgan. Agentlikning bloger ustidan shikoyat qilishiga olib kelgan postda esa shunday deyilgan:
“Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekistonda hech bir qonunsiz sug‘urta, kapital, kripto-aktivlar va elektron tijorat faoliyatining regulyatoriga aylanib qolgan. Uning faoliyatini tiyib turuvchi, tartibga soluvchi, manfaatlar to‘qnashuvini oldini oluvchi biron bir Qonun yo‘q. Shuning uchun amalda agentlik xohlagan nag‘masini chalishi, istagan tajribasini o‘tkazishi mumkin. Ham rasman, ham norasman (bu qismi alohida tabu va juda chuqur muammo).
Hozir hech kim eslamaydi, 2017 yilda bu agentlik butunlay boshqa vazifa va maqsadlar uchun tuzilganini. Kelinglar, baraka topgurlar, biroz eslab ko‘ringlar.
Keyin, ayniqsa, oxirgi 3 yilda birin-ketin unga yangi vakolatlar berilib, boshqalardan olib o‘tkazilib, rahbariyati favqulodda ma’muriy resurslar bilan quvvatlantirilib, superregulyatorga aylantirildi. Bu jarayonda hech kim so‘ramadi, to‘xtanglar, avval superregulyator haqida qonun bo‘lsin, qonunda belgilab olaylik deb.
Mana natijasi. Istalgan paytda, xohlagan destruktiv yo biryoqlama qarorini qiladigan navbatdagi byurokratik ajdarhoga ega bo‘ldik. Tizimni Qonun ustiga emas, sadoqatli shaxslar ustiga qurdik. Yo‘q joydan o‘zimiz yasadik ularni.
Oqibatini ko‘p tortamiz, tovonini ko‘p to‘laymiz. Bular bilan hali boshimiz devorga ko‘p o‘riladi, aniqrog‘i urishadi”.
Bakirovning qayd etishicha, shikoyatda shu postlarning faqat bittasiga e’tiroz va norozilik bildirilgan, qolgan postlar mazmuni va mundarijasiga, shuningdek, postlar yozilishiga asos bo‘lgan sabablarga to‘xtalish ko‘zga tashlanmagan.
Jurnalist va blogerlarga ta’qiblar
Toshkent Davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari R. Altiyev va O.Narziyev o‘zlarining “sha’n va qadr-qimmati, ishchanlik obro‘yini to‘kish”da ayblab, Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovni “Sizga achinaman, janoblar” nomli posti uchun sudga bergan va 200 million so‘m ma’naviy zarar talab qilgan. 11 aprel kuni ushbu holat bo‘yicha sud ishi boshlandi.
MY5 telekanali muxbiri Ruxsora G‘afurova Jizzax viloyatida Xalq banki xodimasi bir necha fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, uni o‘zlashtirib yuborgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Unda murojaatchilar ikki yildirki oylik va pensiya mablag‘lari o‘zlarining nomiga bank xodimi tomonidan olingan kredit sabab bankka o‘tib ketayotganini aytishgan. Mazkur surishtiruvdan so‘ng ma’muriy ish ochildi. Lekin kredit pullarni birovning nomiga rasmiylashtirib, uni o‘zlashtirib yuborgani aytilgan bank xodimiga emas, balki bu muammoni yoritib chiqqan jurnalistga. 26 fevral kuni ushbu ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqilishi kerak edi, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra, sud ishni tergovga qaytarib yubordi.
Xalq banki xodimi jurnalistik surishtiruv davomida uning ismi ochiqlanganidan norozi bo‘lgan va jurnalistni sudga bergan. Ammo surishtiruv davomida fuqaroning o‘zi u nomiga kredit olgan bank xodimining kimligini ochiqlagan. Shu sababdan, jurnalistning advokati uning hech qanday qonun-qoidani buzmaganini aytdi. Himoya tomoni fikriga ko‘ra, Ruxsora G‘afurova tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilmagan va shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilishga qaratilgan harakatlar yo‘q. Ruxsora G‘afurova shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda ommaga oshkor qilgani yuzasidan qo‘zg‘atilgan ish ko‘rib chiqish uchun muddat o‘tib ketgani vaji bilan tugatildi.
Live
Barchasi