Ilk mundial, boksdagi g‘alabalar, shoh va mot, bag‘rikeng tennis va yangi stadion – sport sarhisobi-2025

Sport

O‘z nihoyasiga yetayotgan 2025 yil o‘zbek sportida tarixiy iz qoldirdi. Chunki aynan manashu yilda mamlakatning futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor katta mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, boshqa sport turlari, xususan boksda va shaxmatda ham ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarga erishildi. Shuningdek, o‘zbek sport olamiga aloqador e’tiborga molik ayrim voqealar ham sodir bo‘ldi. QALAMPIR.UZ yaqin daqiqalar ichida sizga ushbu olamda yil davomida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni yana bir bor eslatadi. Bizdan uzoqlashmang.

Tarix yaratildi: O‘zbekiston MTJ ilk bor mundialda qatnashadi

Yakuniga yetayotgan yil ayniqsa, o‘zbek futboli uchun unutilmas bo‘ldi. Albatta, eng katta voqelik bu – O‘zbekiston milliy terma jamoasi mamlakat mustaqillikka erishganidan keyin – 34 yil ichida ilk bor futbol bo‘yicha FIFA Jahon chempionatida ishtirok etish uchun chiptani qo‘lga kiritdi. Mamlakat futbolsevarlari aynan 2025 yilda bu tarixiy voqeaga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘ldi. Aytish joizki, ushbu yo‘l osonlikcha bosib o‘tilmadi. Ayni daqiqalarda qiyin, ammo yakuni biz uchun yoqimli bo‘lgan manashu yo‘lni yana bir bor yodga olamiz.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralashining yakuniy – 3-bosqichida “A” guruhidan o‘rin oldi va Eron, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirg‘iziston va Shimoliy Koreya bilan kuch sinashadigan bo‘ldi. Umumiy 10 ta o‘yin va kim mundialga borishi oydinlashadi. Aynan shu 10 o‘yinlik “jang”ning 9-sida o‘zbekistonlik futbolchilar Jahon chempionati yo‘llanmasini hal etdi. 

Keling, boshdan eslaymiz: 

2024 yil 5 sentyabr, Toshkent – “Bunyodkor” stadionida milliy jamoa ilk o‘yinini shimoliy koreyaliklarga qarshi boshladi. Og‘ir o‘tgan mazkur o‘yinda Jaloliddin Masharipovning 20-daqiqada kiritgan goli evaziga muhim 3 ochko qo‘lga kiritildi. 

2024 yil 10 sentyabr, Bishkek – Qirg‘iziston poytaxtidagi bahs ham juda qiyin kechdi va kombek amalga oshirildi. Hal qiluvchi nuqtani 72-daqiqada Oston O‘runov o‘zining super golini urib, qo‘yib bergandi va jamoa uchun navbatdagi qimmatli 3 ochkoni olib kelgan edi. 

2024 yil 10 oktyabr, Toshkent – “Bunyodkor”da navbatdagi jiddiy sinov: O‘zbekiston milliy terma jamoasi kuchli Eron milliy terma jamoasiga qarshi kechgan murosasiz o‘yinda 0:0 hisobida durrang natija qayd etdi va 1 ochkoli bo‘ldi. 

2024 yil 15 oktyabr, Toshkent – “Bunyodkor” mezbonligida o‘tgan navbatdagi uchrashuvda Otabek Shukorovning penaltidan kiritgan yagona goli mundial uchun yana bir dadil qadamga sabab bo‘ldi va 3 ochko olib keldi. 

Oradan deyarli bir oy o‘tib – 2024 yilning 14 noyabrida milliy terma jamoa saralashdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Qatarda o‘tgan uchrashuvda Almoiz Alining dubliga Abbosbek Fayzullayev dubl bilan javob qaytardi, ammo asosiy vaqtga qo‘shib berilgan 12-daqiqada urilgan golga javob qaytarishga vaqt yetmadi. 

2024 yil 19 noyabr – Laos milliy stadionida shimoliy koreyaliklarga qarshi o‘tgan o‘yinda Abbosbek Fayzullayev 44-daqiqada jarima maydoni tashqarisidan gol urib, jamoa uchun saralashdagi navbatdagi muhim 3 ochkoni keltirdi.

2025 yil 20 mart, “Bunyodkor” mezbonlik qilgan o‘yinda yana yagona gol – Hojiakbar Alijonovning goli qadrli 3 ochko yozilishiga sabab bo‘ldi va O‘zbekiston milliy terma jamoasini mundialga yana bir qadam yaqinlashtirdi. 

Oradan 5 kun o‘tib, 25 mart kuni milliy terma jamoa Eronda mehmon bo‘ldi. Dastlab, 16-daqiqada Hojimat Erkinov hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limning 7-daqiqasida Mehdi Toremi oradagi farqni yo‘qqa chiqardi. Oradan 1 daqiqa o‘tiboq, 53-daqiqada Abbosbek Fayzullayev jarima zarbasidan super gol kiritib, yana mehmonlarni oldinga olib chiqdi. Ammo o‘yin yakuniga oz vaqt qolganda Toremi gol urib, jamoasiga durrang natijani kafolatladi.

Nihoyat, 2025 yil 5 iyun – o‘zbekistonliklar aynan manashu sanada muhim tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldi. Abu-Dabidagi “Al-Nahayon” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 0:0 hisobida yakunlandi. Murabbiy Timur Kapadze boshchiligidagi jamoaga tarixda ilk marta Jahon chempionatiga yo‘llanma olish uchun BAAga yutqazmaslikning o‘zi kifoya qildi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, Markaziy Osiyodan Jahon chempionatiga yo‘l olgan ilk jamoaga aylandi. Bosh murabbiy Timur Kapadze esa tarixga kirdi – u O‘zbekistonda yoshlar terma jamoasini Olimpiya o‘yinlariga, milliy jamoani esa Jahon chempionatiga olib chiqqan ilk murabbiy bo‘ldi. 

10 iyun kuni Toshkentda, “Bunyodkor” stadionida o‘tgan o‘yin esa “to‘yga to‘yona” bo‘ldi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosimsiz o‘tgan bahsda Qatarni 3:0 hisobida mag‘lub etdi va maydonning o‘zidayoq Prezident Shavkat Mirziyoyevdan qiyin yo‘lning yakuni uchun munosib tarzda sovg‘alarni qabul qilib oldi. Shu tariqa o‘zbekistonlik futbol muhlislari 2026 yildagi mundialda ilk bor qaysidir sevimli futbolchisi o‘ynagani yoki simpatiyasi borligi uchun emas, milliy g‘urur uchun maydonga tushadigan vatan jamoasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ular ekran qarshisida yoki bevosita stadionda aynan shu maqsadda paydo bo‘ladi.

5 dekabr kuni AQSHda Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlandi. Unda O‘zbekiston musobaqa favoritlaridan biri Portugaliya, shuningdek, yana bir kuchli jamoa – Kolumbiya bilan bir guruhdan o‘rin oldi. Yana bir raqib esa Yamayka, Kongo va Yangi Kaledoniya o‘rtasidagi o‘tish o‘yini orqali aniq bo‘ladi. Umid qilamizki, Jahon chempionatiga murabbiy Fabio Kannavaro bilan borayotgan jamoamiz marhum qiziqchi Hojiboy Tojiboyev aytganidek, Amerikadan faqat muzqaymoq yeb qaytib kelmaydi. Futbol ihlosmandlari jiddiyroq natijalarni kutishga haqli, nazdimizda.

Boks: 2 ta tashkilot o‘tkazgan 2 ta Jahon chempionati va Murodjon Ahmadaliyev

Futboldan farqli o‘laroq boksda Jahon chempionati o‘zbekistonliklar uchun qatnashish orzu bo‘lgan musobaqa emas, aksincha bu sport turida natijalarda yetakchi bo‘lish maqsad qilinadi. 2025 yilda aynan shu sport turida xalqaro tashkilot sifatida boksni boshqarishga da’vogarlik qiladigan 2 ta tashkilot Jahon chempionati o‘tkazdi. Har ikkisida ham o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari munosib ishtirok etdi. 

Dastlab, joriy yilning sentyabr oyida Angliyaning Liverpul shahrida World Boxing tomonidan uyushtirilgan jahon birinchiligi bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 68 mamlakatidan 540 nafar bokschi ishtirok etgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Abdumalik Xalokov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Fazliddin Erkinboyev, Javohir Ummataliyev, Akmaljon Isroilov va To‘rabek Habibullayevlar oltin medallarni o‘ziniki qildi. Navbahor Hamidova hamda Jahongir Zokirovlar kumush medalga ega chiqqan bo‘lsa, Sabina Boboqulova, Feruza Boboqulova va Aziza Zokirovalar bronza medallari bilan kifoyalandi.

Dekabrda esa Xalqaro boks assotsiatsiyasi tomonidan ham Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida kattalar o‘rtasida boks bo‘yicha Jahon chempionati tashkil qilindi. Ushbu turnirda o‘zbekistonlik sportchilar umumiy hisobda 9 ta medalga ega chiqdi. Hasanboy Do‘smatov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev oltin medal, Abdumalik Xalokov, Javohir Ummataliyev, To‘rabek Habibullayev va Arman Maxanov kumush medal, Asilbek Jalilov, Fazliddin Erkinboyev va Xo‘janazar Nortojiyev bronza medallarga ega chiqdi. World Boxing turniridan chetlashtirilgan rossiyaliklar mazkur Jahon chempionatida shohsupaning eng yuqori o‘rinlarini o‘zlariniki qildi. Ular 7 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni oldi.

Joriy yilning sentyabr oyida ham o‘zbekistonlik boks muhlislari katta voqeaga guvoh bo‘ldi. 14 sentyabr kuni yaponiyalik bokschi, mutlaq jahon chempioni Naoya Inoue Yaponiyaning Nagoya shahridagi IG Arenada chempionlik unvonini o‘zbekistonlik bokschi Murodjon Ahmadaliyevga qarshi jangda himoya qildi. Jangda Inoue egalik qilib kelayotgan Ring Magazine, WBC, WBA, WBO va IBF kamarlari o‘rtaga qo‘yildi. Unda hakamlarning yakuniy qaroriga ko‘ra, Murodjon Ahmadaliyev mag‘lubiyatga uchradi, ammo yaxshigina pul ishlab oldi. Inoue va Ahmadaliyev jangi uchun umumiy gonorar taxminan 20 million dollar etib belgilangan edi, bu yerda Inoue “A tomoni” sifatida 75/25 nisbatda taqsimotdan foydalandi. U o‘z faoliyatidagi eng katta gonorarini – 15 million dollarni qo‘lga kiritdi. Murodjon Ahmadaliyev esa jangda da’vogar va “B tomoni” hisoblanadi. Shuning uchun, u Inouega qarshi jangdan 5 million dollardan ko‘proq mablag‘ oldi. Bu uning faoliyatidagi eng katta gonorari bo‘ldi, chunki u ilgari hech qachon 1 million dollardan ortiq pul olmagandi.

Shaxmatdagi natijalar

2025 yilda o‘zbekistonlik sportchilar shaxmatda ham ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Xususan, noyabr oyida Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi bo‘lib o‘tdi. Unda Javohir Sindorov mazkur turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan 200 nafardan ortiq shaxmatchi bosh sovrin uchun kurash olib bordi. Javohir Sindorov bellashuvlarning finaliga qadar yetib keldi. Hal qiluvchi bahsda unga xitoylik Vey Yi raqiblik qildi. Mazkur qarama-qarshilikning dastlabki ikki partiyasi durang bilan yakunlangandi. G‘olib esa tay-breykda aniqlandi va Javohir Sindorov 1,5 : 0,5 hisobida g‘alaba qozondi va Jahon kubogi g‘olibiga aylandi. Qayd etish joiz, tarixda biror marta o‘zbek shaxmatchisi Jahon kubogi finaliga qadar yetib bora olmagandi. Ushbu muvaffaqiyat orqali Javohir Sindorov 2026 yilning mart oyida o‘tkaziladigan nomzodlar turnirida ishtirok etadi. Unga ushbu g‘alabasidan so‘ng Prezident sovg‘asi – xonadon topshirildi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni ham berildi.

O‘zbek shaxmatidagi yana bir iste’dodli sportchi ham yil yakuniga oz qolganda o‘z hisobiga nufuzli musobaqa g‘olibligini yozib qo‘ydi. U Buyuk Britaniyaning London shahridagi Emirates Stadium majmuasida shaxmat bo‘yicha London Chess Classic 2025 turnirining bosh sovriniga ega chiqdi. Mukofot jamg‘armasi 50 ming funt sterlingni (796 mln 179 ming so‘m) tashkil etuvchi ushbu nufuzli musobaqada dunyoning kuchli shaxmatchilari qatorida bosh sovrin uchun kurashgan o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov muddatidan avval g‘olib bo‘ldi.

Yoppasiga o‘zbekiston fuqaroligini olayotgan rossiyalik tennischilar

Rossiyaning Ukraianaga bosqini ortidan xalqaro turnirlarda qatnashish huquqidan mahrum bo‘lgan sportchilar boshqa davlatlar bayrog‘i ostida bu cheklovlarni chetlab o‘tishga harakat qilmoqda. O‘tgan yili rossiyalik erkin kurashchi Razambek Jamolov shunday yo‘l tutib O‘zbeksiton bayrog‘i ostida Olimpiya o‘yinlari g‘olibligini qo‘lga kiritgan edi. So‘nggi 2,5 oy ichida xalqaro musobaqalarda o‘z mamlakati bayrog‘i ostida qatnasha olmayotgan 4 nafar rossiyalik tennischi shunday yo‘l tutdi, ya’ni O‘zbekistonning sport fuqaroligini qabul qildi. Xususan, joriy yilning oktyabr oyida 21 yoshli rossiyalik tennischi Mariya Timofeyeva sport fuqaroligini Rossiyadan O‘zbekistonga o‘zgartirdi. Hozirda Timofeyeva WTA reytingida 146-o‘rinni egallab turibdi. U Rossiya tennischilari orasida 14-pog‘onada qayd etilgan. Uning faoliyatidagi eng yuqori ko‘rsatkich 2024 yil aprel oyida 93-o‘rin bo‘lgan. Bu natijaga u 2023 yilda Budapeshtdagi WTA-250 turniri g‘olibi sifatida erishgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, 7 noyabrda yana 2 nafar rossiyalik tennischi qizlar O‘zbekiston sport fuqaroligini olgani ma’lum bo‘ldi. Ular – Layma Vladson va Aleksandra Barmicheva. 18 yoshli tennischi Layma Vladson ITF talqiniga ko‘ra dunyoning eng kuchli 10 nafar yosh qizlari qatoriga kiradi va WTA jahon reytingida 887-o‘rinda turadi. U yoshligidan yaxshi natijalar ko‘rsatib, Yevropaning eng istiqbolli sportchilari safida tilga olinadi. Shuningdek, u 2025 yil 9–15 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan W15 professional turnirida yakkalikda g‘olib bo‘lgan. O‘zbekiston fuqaroligini olgan yana bir tennischi 15 yoshli Aleksandra Barmicheva ITF W15 Tashkent 2025 turnirining eng yosh ishtirokchisi bo‘ldi. 2010 yil 25 iyulda tug‘ilgan Aleksandra allaqachon xalqaro musobaqalarda ishonchli o‘yin namoyish etmoqda.

Dekabr oyi boshida Ayollar Tennis Assotsiatsiyasi (WTA) reytingida 109-o‘rinni egallab turgan professional tennischi Kamilla Rahimova ham O‘zbekiston fuqaroligini oldi. 24 yoshli Kamilla Rahimova 2001 yil 28 avgust kuni Yekaterinburgda tug‘ilgan. Kamilaning oilasi O‘zbekiston bilan bog‘liq – uning onasi Rufina Rahimova yoshligida o‘z yosh toifasida eng kuchli tennischilar qatoriga kirgan va O‘zbekiston SSR sharafini himoya qilgan. Kamillaning katta akasi Timur Rahimov esa Toshkentda tug‘ilgan. Shu oilaviy ildizlar Rahimovaning O‘zbekiston nomidan musobaqalarda  ishtirok etish qarorining asosiy sababi bo‘lishi mumkin.

Oradan 2 hafta o‘tib, 15 dekabr kuni yana bir rossiyalik raketkachi sport fuqaroligini O‘zbekistonga o‘zgartirdi. Gap dunyoning 92-raqamli raketkasi Polina Kudermetova haqida ketmoqda. 22 yoshli Polina Kudermetova Uimbldon chempioni Veronika Kudermetovaning singlisi va xokkey bo‘yicha “Ak Bars” bilan Rossiya chempioni bo‘lgan Eduard Kudermetovning qizi hisoblanadi. Rossiya tennis federatsiyasi prezidenti Shamil Tarpiyevning izohlashicha, federatsiyada mablag‘ yetishmasligi sportchilarning boshqa davlatlar qo‘llovini izlashiga sabab bo‘lmoqda. Nima ham derdik, O‘zbekiston bayrog‘i ostida musobaqalarda qatnashadigan tennischi qizlarga Razambek Jamolovning muvaffaqqiyatli yo‘lini tilaymiz.

O‘zbekiston 3 ta katta sport musobaqasiga mezbonlik qiladi. FIA bilan yaqinlik

Joriy yilda O‘zbekiston qator nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Xususan, mamlakat 2026 yili 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga, 2027 yilda Ozarbayjon bilan birgalikda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga, 2029 yilda esa Yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Mazkur turnirlar qatoriga “Formula-1” poygalari qo‘shilishi mumkin. Dekabr oyida Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) prezidenti Muhammad bin Sulaym O‘zbekistonga kelib, mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘ldi. Ular FIA universitetining imkoniyatlaridan foydalangan holda, o‘zbekistonlik poygachilar, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, O‘zbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish, piyoda va transport vositalari harakati xavfsizligini ta’minlash dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish hamda mazkur xalqaro tashkilot shafeligida xalqaro musobaqalar, avvalo, “Formula-1” bosqichlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratgan.

Yuqorida qayd etilganidek, O‘zbekiston 2027 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Ozarbayjon bilan sheriklikda o‘tadigan musobaqa oldidan tayyorgarliklar boshlab yuborildi. Xususan, aynan shu turnir bahonasida Yangi Toshkentda 55 ming o‘ringa mo‘ljallangan futbol stadioni quriladi. 11 noyabr kuni shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu stadion qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Hozirda mazkur loyiha bo‘yicha Turkiya kompaniyalari bilan ishlar ketmoqda. Maqsad 2027 yilda bo‘ladigan kichik mundial finalini aynan shu arenada qabul qilish.

Bular kelasi yillar uchun biz kutayotgan natijalarning hammasi emas. O‘ylaymizki, O‘zbekistonni ilk bor Jahon chempionatiga olib chiqqan Temur Kapadzening o‘rnini egallagan Fabio Kannavaro mundialda uni tanlagan shaxslarni, shuningdek, futbol muxlislarini xafa qilmaydi. Shu bilan birga, taniqli yulduzning konsertidan so‘ng o‘z vazifalaridan “chetlashtirilgan” “Bunyodkor” stadionining ham maysasi o‘sib, bag‘riga futbol muxlislarini qaytaradi degan umiddamiz.

QALAMPIR.UZ barchangizga yangi yilda omad va g‘alabalar tilaydi. Salomat bo‘ling!


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing