Ilk bor o‘tkazilgan debatda qaysi partiya ustunlik qildi? MDIST rektori javob berdi
Biznes
−
21 Oktabr 2021
8653Joriy yilning 19 oktyabr kuni O‘zbekistonda Prezident saylovi kampaniyasi tarixida ilk bor targ‘ibot-tashviqot ishlarining zamonaviy shakllaridan biri – partiyalararo debat bo‘lib o‘tdi. Ciyosiy partiyalarning vakillari, prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bunday debatning mamlakatimizda birinchi marta o‘tkazilganligi jamiyatimiz va davlatimizning demokratiya yo‘lidan rivojlanib borayotganligini yorqin namoyon qildi. Shuningdek, partiyalararo debat keyingi yillarda rivojlanib borayotgan ochiqlikni keyingi qadamlari desak adashmaymiz. Ushbu bahs-munozara borasida yurtimizda bir qator ekspertlar hamda jamoat vakillari o‘z fikr va munosabatlarini bildirishmoqda. Shu bois, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti rektori Salixov Jasur Shavkatovich bilan shu masalada intervyu uyushtirildi. Quyida ushbu intervyuni sizlarga havola etamiz.
Savol: Xabaringiz bor Prezidentlik sayloviga ham oz vaqt qoldi. Kuni kecha mamlakatimizda partiya nomzodlarining vakillari ishtirokidagi bahs-munozaralar ilk bor televideniyadan jonli ravishda namoyish etildi. Ushbu teledebatni millionlab insonlar qatorida siz ham kuzatdingiz. Sizningcha ushbu munozaraning tashkil etilishi qanchalik muhim?
— Darhaqiqat, mamlakatimiz Prezidentlik saylovlaridagi targ‘ibot-tashviqot jarayonlarida ilk bor bunday holat kuzatildi va bu, albatta, dolzarb ahamiyatga egadir. Sababi, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning qatorida saylov jarayoni ham o‘rin olgan. Yangi O‘zbekiston atamasi negizida aynan demokratik prinsiplarning hayotimizga tatbiq etilayotgani, yangicha dunyoqarash, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muhitning shakllanishini namoyon etmoqda. Prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan debatning mamlakatimizda birinchi marta o‘tkazilganligi jamiyatimiz va davlatimizning demokratiya yo‘lidan rivojlanib borayotganligini yorqin namoyon qildi. Shuningdek, partiyalararo debat keyingi yillarda takomillashib borayotgan ochiqlikning keyingi qadamlari deb o‘ylayman. O‘z navbatida, bu debatni ommaviy axborot vositalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilishi saylovoldi targ‘ibot va tashviqot jarayonidagi oshkoralikni ko‘rsatadi va xalqaro demokratik standartlar asosida amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu esa o‘z o‘rnida aholi tomonidan har bir nomzodning saylovoldi dasturi hamda uning pozitsiyasini yanada aniqroq tushunishga imkon beradi. Shu bois ham ushbu munozaralarning tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega, deb hisoblayman.
Savol: Albatta, men ham yuqoridagi fikrlaringizga qo‘shilaman. Keling, endi aynan munozaraning o‘ziga to‘xtalsak. Sizning fikringizcha, ushbu teledebatda partiya nomzodlari vakillari tomonidan ko‘tarilgan mavzularga qay darajada yechimlar taklif etildi?
— Juda o‘rinli savol. Javob berishdan oldin shu narsani ta’kidlamoqchimanki, besh daqiqa ichida butun saylovoldi dasturi va aniq maqsadlarni ifodalashning o‘zi juda mushkul. Shunga qaramay, barcha vakillar berilgan vaqtdan unumli foydalana oldilar. Yana bir muhim jihat sifatida shuni aytish mumkinki, har bir nomzod vakili tomonidan bugungi kunda aholi qatlamini qiynayotgan muammolar sanab o‘tilib, ularga yechimlar yondashuvi ham turlicha bo‘ldi. Misol uchun, iqtisodiyotni boshqarishda davlat aralashuvi bilan bog‘liq yondashuvlarda XDP vakili davlatning rolini kuchaytirish lozimligini ta’kidlagan bo‘lsa, “Milliy tiklanish” partiyasi vakili rejali iqtisodiyotga qaytish hozirgi olib borilayotgan siyosatga nisbatan teskari ekanligini ta’kidladi. Shu o‘rinda bu muammoni kapital amnistiyani joriy qilish hamda migrantlar daromadini faqat iste’mol uchun emas balki investitsiyalar va fondlarga ham jalb qilish orqali hal etish mumkinligiga urg‘u berdi. Liberal-demokratik partiya (O‘zLiDeP) vakili boshqalardan farqli o‘laroq o‘z nutqini amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va natijalarga asoslangan holda bayon etdi. Xususan, eng asosiysi erkin iqtisodiyot joriy etilgani, oxirgi besh yillik ichida o‘rtacha oylik maoshi ikki, uch barobar oshganligi, mamlakatimiz iqtisodiyotiga 3 mlrd. so‘mlik tug‘ridan-to‘g‘ri kafolatsiz xorijiy investitsiyalar kiritilgani, chet el kapitali kiritilgan mavjud 13 ming korxonaning 65 foizi aynan oxirgi besh yillik ichida tuzilganligini ta’kidlab o‘tdi. Vakil dasturda kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlik masalalari, narx-navoni barqarorlashtirish, energetika, kommunal xo‘jaligi, ta’lim hamda, sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolar yechimiga oid taklif va tashabbuslar belgilangani, jumladan, YAIMni besh yilda 1,6 marotaba oshirish, aholining o‘rtacha daromadini 4000 AQSH dollari miqdorigacha yetkazish, mamlakatimizni daromadi o‘rtacha bo‘lgan davlatlar sirasiga kiritish kabi ambitsioz rejalar belgilanganligini bildirdi.
Umuman olganda ushbu yondashuvlarning o‘ziyoq har bir partiyaning o‘ziga xos pozitsiyasiga ega ekanligni namoyon etdi.
Savol: Munozaraning ikkinchi qismi savol-javob tarzida bo‘lib o‘tdi. Nima deb o‘ylaysiz ushbu bosqichda qaysi partiya vakillari o‘zlarini yorqinroq va ishonchliroq namoyon etishdi?
— Avvalambor, munozaraning ikkinchi qismini eng qiziq va asosiy qismi deb aytgan bo‘lar edim. Chunki, bahs davomida berilgan savollarning barchasi aholini qiynayotgan, davlat oldida turgan muhim muammolar va dolzarb masalalarga tegishli bo‘ldi. Xususan bozorlardagi narx-navo, kambag‘allikni qisqartirish, migratsiya, tashqi qarz va yashirin iqtisodiyot kabi mavzularda berilgan savollar kun tartibidagi muammoli masalalardir. Ushbu murakkab savollarga javob berishning o‘zi har bir partiyaning saviyasini va darajasini ochib berdi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bu esa o‘z o‘rnida saylovchilarga munosib xulosa qilishga yordam beradi. Mening nazarimda, ushbu bosqichda Ekologiya, O‘zLiDeP va “Adolat” partiyalari vakillari o‘zlarini dadil hamda ishonchli namoyon etishdi. Ayniqsa, Ekopartiya hamda “Adolat” partiyasi vakillarining XDP va “Milliy tiklanish” partiyalari vakillari bilan o‘ziga xos fikr va misollar keltirib, o‘zaro bahsga kirishishgani e’tiborga molik bo‘ldi. Berilgan savollarga Ekopartiya, O‘zLiDeP va “Adolat” partiyalari vakillari aniq mexanizmlar va takliflar bilan javob berishgani menga ma’qul bo‘ldi. Xususan, Ekopartiya vakili yashirin iqtisodiyot muammosini moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish va AKT vositalari yordamida hal qilish mumkinligini ta’kidladi. “Adolat” partiyasi vakili esa narx-navo muammosini standartlarni kiritish va asossiz narx oshirilishiga jazo choralarini kuchaytirish orqali hal qilishni taklif etdi. O‘zLiDeP vakili Ikramov A.I. o‘z chiqishida o‘tgan besh yil ichida erishilgan yutuqlar va statistik ma’lumotlarni aniq hayotiy misollar bilan mustahkamlab, qilingan ishlar samarasi natijasi o‘laroq, mavjud muammolarni xuddi shu yo‘sindagi strategiya orqali amalga oshirilishini ta’kidlab o‘tdi. Bu orqali O‘zLiDeP vakili kelasi yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi puxta va mukammal ishlab chiqilganinini yana bir bor isbotladi.
Savol: Prezidentlik saylovi jarayonida ilk marotaba tashkil etilgan teledebatning, aholi siyosiy savodxonligini oshirishiga qanchalik hissa qo‘shadi deb hisoblaysiz?
— Ushbu bahs-munozaraning televideniyadan jonli efirga uzatilishi, ko‘plab fuqarolar uchun partiya nomzodlari dasturi va maqsadlari bilan yanada yaqin tanishish imkonini berdi. O‘z o‘rnida ushbu debat aholining siyosiy jarayonga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otishiga ishonaman. Munozara bir tomondan har bir partiyaning jamiyatdagi o‘rni o‘zining elektoratlari oldidagi mas’uliyatini namoyish etsa, ikkinchi tomondan ularning dasturlaridagi o‘xshash tomonlarini va farqlarini ko‘rsatdi. Umuman, siyosiy partiyalar jamiyatning eng faol va umumxalq manfaatlari yo‘lida dunyoqarashi, maqsadi, fikrlar mushtarakligi bir bo‘lgan mamlakat fuqarolarining muayyan qismini o‘z safida birlashtirgan bo‘lib, ushbu saylovda dasturiy maqsadlarini amalga oshirishda yangicha yondashuvlar va o‘ziga xos g‘oyalarni ilgari surmoqdalar.
LiveBarchasi