Ilhom Aliyev Samarqandga Mehribon Aliyeva bilan keldi
Olam
−
10 noyabr 2022
10370Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiy tilli davlatlar tashkilotining Samarqandda o‘tishi rejalashtirilgan sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldi. Biroz avval Samarqand xalqaro aeroportiga Ozarbayjon rahbarining samolyoti kelib qo‘ndi.
Ozarbayjon rahbari O‘zbekistonga ilk bor rafiqasi – vitse-prezident Mehribon Aliyeva bilan tashrif buyurdi.
Eslatib o‘tamiz, 10-11 noyabr kunlari Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan tadbirda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etadi.
QALAMPIR.UZ manbasining ma’lum qilishicha, tadbirga ayrim yetakchilar rafiqalari – birinchi xonimlar bilan tashrif buyurmoqda. Xususan, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga rafiqasi Emina Erdo‘g‘an hamrohlik qiladi.
Ma’lumki, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban kecha, 9 noyabr kuni Samarqandga yetib keldi. Unga rafiqasi Aniko Levai hamrohlik qilyapti.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yilning 21-22 iyun kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Qolaversa, 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun Samarqandga keldi. Ushbu tashriflarda unga Mehribon Aliyeva hamrohlik qilgani yo‘q.
Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari davlat rahbarlarining rafiqalariga O‘zbekiston Prezidentining rafiqasi – birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva peshvoz chiqadi. Birinchi xonimlar uchun Samarqandda maxsus madaniy dasturlar tayyorlanmoqda.
LiveBarchasi