Ilhom Aliyev Samarqanddan turib Armaniston va Eronni “savaladi”

Olam

image

Ozarbayjon turkiy dunyoning birligi g‘oyasiga sodiqligini saqlab, har doim turkiy dunyoning birlashuviga hissa qo‘shib kelgan. Bu haqda Prezident Ilhom Aliyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning sammitidagi nutqi chog‘ida aytib o‘tdi. 

Ilhom Aliyev TDT davlatlari bilan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishni Ozarbayjon tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb atadi. 

Ozarbayjon Prezidenti turkiy dunyo 200 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan ulkan geografiyani qamrab olishini eslatdi.  

“Mamlakatlarimiz ulkan iqtisodiy salohiyatga, energiya resurslariga, zamonaviy harbiy salohiyatga ega. Turk dunyosi katta oila. Bir-birimizning milliy manfaatlarimizni hisobga olgan holda, biz bundan buyon ham bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash va birdamlikni namoyon etishimiz kerak”, deydi Ozarbayjon rahbari. 

Aliyev nafaqat siyosat, iqtisod, savdo, madaniyat, transport, energetika, raqamli transformatsiya, qishloq xo‘jaligi, turizm sohalarida, balki xavfsizlik, mudofaa, mudofaa sanoati kabi sohalarda ham hamkorlikni rivojlantirishga chaqirdi. 

U o‘z davlatlaridan tashqarida yashayotgan turkiy xalqlar vakillarining huquqlarini himoya qilish zarurligini ham ta’kidladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tashkilot boshqa mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarining xavfsizligi va milliy o‘zligini saqlab qolish masalalarini ko‘rib chiqishi kerak. 

“Yosh avlod o‘z ona tilida bilim olishi kerak. Afsuski, Ozarbayjondan tashqarida yashovchi 40 million ozarlarning aksariyati bu imkoniyatdan mahrum”, deydi Aliyev asosan Eronda yashayotgan ozarlarni nazarda tutib. 

Ozarbayjon rahbari turkiy davlatlardan tashqarida yashovchi vatandoshlarni ona tilida o‘qitish masalasi hamisha TDT kun tartibida turishi kerakligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu borada aniq qadamlar tashlash zarur. 

“Ozarbayjon xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan ozarlarning huquqlari, erkinliklari va xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Taqdir taqozosi bilan Ozarbayjondan tashqarida bo‘lgan yurtdoshlarimiz o‘z ona tili, an’analari, madaniyatini asrab-avaylashlari, ozar g‘oyalariga sodiq bo‘lishlari, tarixiy vatanlari bilan hech qachon aloqani uzmasliklari uchun sa’y-harakatlarni davom ettiramiz”, deydi Aliyev.  
Prezident Ilhom Aliyevning qayd etishicha, Ozarbayjondan tashqarida yashayotgan 40 million ozarlarning aksariyati ona tilida ta’lim olish imkoniyatidan mahrum. 

Aliyev, shuningdek, Ozarbayjonning arman bosqinidan ozod qilingan hududlarini tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni esladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 yillik ishg‘olning og‘ir oqibatlari hali ham saqlanib qolmoqda.  

“Ozarbayjonning 9 shahri va yuzlab qishloqlari Armaniston tomonidan vayron qilingan. Bir paytlar katta va obod shahar bo‘lgan Ag‘dam shu qadar vayron bo‘lganki, chet ellik mutaxassislar uni "Kavkaz Xirosimasi" deb atashgan. Armaniston tomonidan bosib olingan davrda mintaqadagi 67 ta masjiddan 65 tasi vayron qilingan, qolgan 2 ta masjid jiddiy zarar ko‘rgan va cho‘chqa va qoramollar uchun otxona sifatida foydalanilgan. Bu butun musulmon olami uchun haqoratdir. Armaniston rasmiy mafkurasining asosini islomofobiya va turkofobiya tashkil etadi”, deydi Prezident. 

Aliyev ozod qilingan Fuzuliy viloyatida maktab qurish tashabbusi uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga esa shu viloyatda Qozog‘iston ijodiy markazini qurish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi. 

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Qorabog‘ mojarosi ikki yil avval yakunlanganiga qaramay, Armaniston chegaradagi provokatsiyalarini hamon davom ettirmoqda.  

“Jahon hamjamiyatini chalg‘itish maqsadida Armaniston Ozarbayjonni harbiy tajovuzda ayblamoqchi. Biz bu asossiz da’volarni qat’iyan rad etamiz”, deydi davlat rahbari. 

Ilhom Aliyev oktyabr oyida Praga va Sochida qabul qilingan qo‘shma bayonotlarda Ozarbayjon va Armaniston bir-birining hududiy yaxlitligi va suverenitetini rasman tan olganini eslatdi. Bu Qorabog‘ mojarosi tugaganidan yana bir bor dalolat beradi. 

Ozarbayjon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Zangezur yo‘lagining ochilishi mintaqadagi barcha davlatlarning manfaatlariga javob beradi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

451

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing