Ikkinchi jahon urushi ramzlari – qo‘rquv, dahshat, o‘lim, umid va g‘oliblik
Bu qiziq
−
09 may 2022
30294Aksariyatimiz Ikkinchi Jahon urushi dahshatini faqat tarix kitoblari va filmlar orqali his qilganmiz. “Safdor Rayanni qutqarish” filmidagi Normandiya istilosi sahnasimi yoki “Anna Frankning kundaligi”dagi yahudiylarning ilojsizligi bo‘ladimi, Ikkinchi jahon urushi (1939-1945) vahshiyliklari ongimizga u yoki bu darajada muhrlanib qolgan.
Dahshatli olti yil davomida dunyo boshdan kechirishi mumkin bo‘lgan har qanday tuyg‘u – qo‘rquv, g‘azab, qayg‘u, umid va, eng so‘nggida, baxtning guvohi bo‘ldi. Har biri Ikkinchi Jahon urushi bosqichini va inson ruhining g‘alabasini ifodalovchi mashhur ramzlar orqali urush davrini qayta ko‘rib chiqish uchun vaqt g‘ildiragini biroz ortga aylantiramiz.
Svastika – qo‘rquv ramzi
Svastika – sanskritcha “omad” degan ma’noni bildiruvchi so‘z 5000 yillik tarixga ega. Bugungi kunga qadar bu motif induistlar, buddistlar va jayniylar tomonidan ilohiylik ramzi sifatida qabul qilinadi. O‘n to‘qqizinchi asrning o‘rtalarida nemis arxeologi Genrix Shlimann Qadimgi Troya o‘rnida ilgak xochni topgach, bu ramz mashhurlikka erishdi va shu vaqtdan boshlab, simvol boshqalarga nisbatan “oliy” deb hisoblangan “Oriy” irqi bilan bog‘landi. 1930-yillarda, natsistlar hokimiyatining kuchayishi davrida Gitler svastikani o‘z partiyasining ramzi sifatida qabul qilar ekan, o‘zining “Mayn Kampf” asarida shunday deb yozadi: “Ayni paytda o‘zim, son-sanoqsiz urinishlardan so‘ng, (ramzni) yakuniy shaklini chizdim: bayroq qizil fonda, oq doira (markazda) va uning o‘rtasida qora svastika”.
Gitler Germaniyaning diktatori bo‘lgach, u har bir ko‘chani, uyni, hattoki, tovarlarni svastika bilan bezatdi. Uning rejasi bo‘yicha butun Yevropa qo‘rquv ramzi bilan qizil rangga bo‘yalishi kerak edi. Adolf Germaniyadan tashqarida o‘z hududini kengaytirar ekan, tinch aholi o‘z uylaridan haydab chiqarildi: ko‘plari konslagerlarga jo‘natildi, boshqalari shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Ularning terisidan sovun, ayollar sochidan qop va sumkalar tayyorlandi. Kun kelib uning manqurt armiyasi va svastikasi bilan kelishini bilib, Gitlerdan uning qo‘li yetmas darajada uzoqda bo‘lganlar ham bunday taqdirdan qo‘rqib o‘tirishgan.
“Sariq yulduz” – dahshat ramzi
Ikkinchi jahon urushi dahshatining ramzi bo‘lgan “sariq yulduz” hayotida tinchlik va totuvlikdan boshqa hech narsani istamagan begunoh insonlar uchun qo‘rqinchli tush kabi bo‘lgan. Ammo urush davrida mislsiz jabr ko‘rgan bitta irq bo‘lsa, u ham yahudiylardir. Millionlab Yevropaning yahudiy aholisi Uchinchi Reyx tomonidan qit’aning narigi burchaklarigacha siqib borilgan. Yahudiy aholisini ta’qib qilish va yo‘q qilish bo‘yicha tizimli reja ustiga “Jew” (yahudiy) so‘zi yozilgan “olti qirrali sariq yulduz” yengbog‘ini taqish to‘g‘risida Gitler farmoni chiqarilishi bilan boshlandi. Farmonga ko‘ra, 10 yoshdan oshgan barcha yahudiylar yengbog‘ichni taqib yurishlari kerak edi. Polsha, Xorvatiya, Avstriya, Belgiya, Niderlandiya, Ruminiya – fashistlar bayrog‘i ko‘tarilgan barcha mamlakatlarda yahudiylarga farmon ijrosi majburiy joriy qilindi. Segregatsiyadan so‘ng yahudiylar gettoga (muayyan xalq uchun ajratilgan juda kichik hududga), u yerdan o‘lim lagerlariga ko‘chirilgan. Konslagerlarda esa so‘nggi nafaslarigacha “sariq yulduz”ni yenglaridan yechmaganlar.
Qizil doira – o‘lim ramzi
1944 yil oxirlariga kelib Yaponiya imperiyasiga qarshi urush to‘lqini boshlandi. Ularning dushmani – Qo‘shma Shtatlar sanoatning superdavlatiga aylanib ulgurgan, yaponlar qarshi turib bera olmagan kam sonli “derjava”lardan biri edi. Yapon harbiy boshliqlari umidsizlikka tushib, “Kamikadze” deb nomlangan o‘z joniga qasd qiluvchi otryadni tuzdilar, uning tarkibiga yosh askarlar kiritildi. Endigina harbiy mashg‘ulotlar o‘tayotgan o‘smirlar va yoshlardan “Kamikadze” otryadida ko‘ngilli bo‘lishni “so‘rashdi”. 1944 yil oktyabr oyida “Kamikadze” uchuvchilari portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan samolyotlarda AQSH flotiga hujum qilishdi. Uchuvchilardan nafaqat imperator uchun “muqaddas o‘lim”ni kutishgan, balki dushman harbiy bazalarini vayron qilishlarini ham xohlashgan. “Kamikadze” pilotlari markazida qizil doirasi bo‘lgan oq tasma taqib, o‘zlariga yuklatilgan missiyani “ado etgan”. Shundan so‘ng, “Kamikadzechi”lar Tinch okeanida o‘lim ramziga aylangan.
“V” – g‘alaba ramzi
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill o‘z mamlakatini Ikkinchi Jahon urushida g‘alabaga yetaklagan shaxs bo‘lgan. Urushning dastlabki yillarida Britaniya Yevropada vayronagarchiliklarni keltirib chiqarayotgan Uchinchi Reyx bilan yakka qolgan edi. Bu o‘z ozodligi va xavfsizligidan qo‘rqqan tinch aholi uchun ham, jasur askarlar uchun ham eng qorong‘u damlar bo‘lgan. Germaniya 1940 yillarning o‘rtalarida Angliyaning janubi-sharqiga La-Mansh kanali bo‘ylab bostirib kirish uchun “Dengiz sherlari” operatsiyasini boshladi. Avgust oyida Germaniyaning “Lyuftvaffe” samolyotlari Angliyaga havo hujumida ustunlikka erishish uchun hujum boshladi. Biroq Germaniya o‘z dushmanini, ayniqsa kurashuvchanlik qat’iyatini yetarli baholamagan edi. Lyuftvaffelar jangda katta talafot ko‘rdi, natijada Gitler “Dengiz sheri” operatsiyasini noma’lum muddatga kechiktirishga majbur bo‘ldi. Cherchill bu g‘alabani o‘z vatandoshlarining ruhini mustahkamlash imkoniyati sifatida ko‘rdi. Uning g‘alaba ma’nosini anglatuvchi “V” (victory – g‘alaba) qo‘l ishorasi hamma uchun ilhom manbai bo‘ldi. Endilikda nafaqat Angliya, balki butun Yevropa qit’asidagi insonlar qit’ani Gitlerdan ozod qilish uchun Cherchillga intilishni boshladi.
“Origami turnasi” – umid ramzi
Ittifoqchi kuchlar bo‘ladimi yoki fashistlar, militaristlar, har bir mamlakatning begunoh fuqarolari urush badalini to‘ladilar. Insonlar bu dahshatli davrning oxiri uchun o‘zlari ishongan Xudoga ibodat qildilar. Sadako Sasakiga Xirosimadagi atom portlashi oqibatida davolab bo‘lmaydigan kasallik – “leykemiya” (oq qon kasalligi) tashxisi qo‘yilgach, yashash umidi uchun ibodat qilgan shunday insonlardan biri edi.
AQSH Xirosimaga atom bombasini tashlaganida Sadako ikki yoshda bo‘lgan. Portlash oqibatida Sadako kabi son-sanoqsiz bolalar kuchli nurlanish ta’siridan keyin kasallikka chalinganlar. Shifokorlar bolalarni davolashdan umidlarini uzishgan, ammo qiz hayot uchun kurashdan to‘xtashni niyat qilmadi. Qizaloq yaponlarning bir afsonasini eshitgan edi: agar kishi mingta origami turnasini yasasa, uning har qanday xohish-istagi amalga oshiriladi. U yashash istagi ijobat bo‘lishiga umid qilib, origami turnalarini yasashni boshladi. Biroq qizaloq foniy dunyo bilan xayrlashishidan avval 644 turnaga ulgurdi...
Urushdan keyin Sadako hikoyasini eshitgan butun mamlakat uchun origami turnasi umid va tinchlik ramziga aylandi. 1958 yilda Xirosima tinchlik memorial bog‘ida Sadakoning oltin turnasi haykali o‘rnatildi. Uning taxtachasida: “Bu bizning faryodimiz. Bu bizning ibodatimiz. Yer yuzida tinchlik bo‘lsin”, deya yozuvlar bitildi.
Sardor Begalov
LiveBarchasi