Ikki tomonlama jang: Ukraina korrupsioner amaldorlarini ishdan haydamoqda
Olam
−
24 yanvar 2023
8478Ayni paytda urush o‘chog‘iga aylangan Ukrainada yana bir “jang” boshlandi. Ya’ni Prezident Vladimir Zelenskiy o‘z hukumati tarkibida kadrlar almashinuvini amalga oshirishmoqda.
Shu sababli Ukrainaning bir qancha yuqori martabali amaldorlari lavozimidan ozod qilinmoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 24 yanvarning o‘zida bosh maslahatchi, to‘rt nafar vazir o‘rinbosari va beshta viloyat hokimi o‘z lavozimini tark etgan. Ularning ketishi Ukrainada korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli harakat boshlangan vaqtga to‘g‘ri kelgan.
So‘nggi paytlarda ukrainalik bir qator amaldorlarga poraxo‘rlik, oziq-ovqat mahsulotlarini oshirilgan narxlarda sotib olish va dabdabali turmush tarzida hayot kechirish kabi ayblovlar qo‘yilgandi.
Lavozimidan ayrilganlar orasida prezident devonxonasi rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenko ham bor. U Zelenskiyning saylovoldi kompaniyasida ishlagan va keyinchalik mintaqaviy siyosatni nazorat qilib kelgan. Timoshenko qimmatbaho mashinalardan foydalanishi bilan bog‘liq janjallarga aralashgan bo‘lsada, u o‘ziga qarshi aytilgan har qanday ayblovlarni rad etgan. Iste’fosi e’lon qilingach esa o‘z Telegram kanalida Zelenskiyga har kuni va har daqiqada xayrli ishlar qilish imkoniyatini bergani uchun minnatdorchilik bildirgan.
Shuningdek, mansabdan ketgan mutasaddilar orasida Bosh prokuror o‘rinbosari Oleskiy Simonenko, Jamoalar va hududlarni rivojlantirish vazirining o‘rinbosarlari Ivan Lukerya va Vyacheslav Negoda, ijtimoiy siyosat bo‘yicha vazir o‘rinbosari Vitaliy Muzichenk hamda Dnepropetrovsk, Zaporijya, Kiyev, Sumi va Xerson viloyatlari gubernatorlari ham bor.
Iste’folar davri boshlanishidan oldin Zelenskiy a’zo bo‘lgan “Xalq xizmatchisi” partiyasi rahbari Devid Araxamiya korrupsioner amaldorlar qamoqqa olinishi mumkinligini aytgan edi.
“Barcha darajadagi mansabdor shaxslar rasmiy va norasmiy kanallar “orqali urushga e’tibor qarating, jabrlanganlarga yordam bering, byurokratiyani kamaytiring va shubhali biznesni to‘xtating” kabi shiorlar doimiy ravishda ogohlantirish ishlari amalga oshirildi. Ularning ko‘pchiligi haqiqatan ham quloq solgan, afsuski, ba’zilari buni qilmadi. Agar u madaniyatli ishlamasa, urush davri qonunlari bo‘yicha javob beradi. Bu yaqinda sotib olingan generatorlarga ham, Mudofaa vazirligidagi yangi janjallarga ham tegishli”, deb yozgan edi u Telegram’dagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Ukrainada korrupsiyaga qarshi islohotlar olib borilayotgan bo‘lsa-da, G‘arb ittifoqchilaridan milliardlab dollarlik moliyaviy yordam olayotgan Kiyev uchun bu muammo haliyam katta xavf tug‘dirmoqda.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi