Koreyaga jo‘natuvchi bandlik agentligi 2385 kishini chuv tushirgani fosh bo‘ldi
Jamiyat
−
23 fevral 2020
8684O‘zbekistonda 2385 kishini 24,8 mlrd so‘m pulga chuv tushirgan xususiy bandlik agentligi faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqida “Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davom etayotgan jinoyat ishi bo‘yicha” o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, Qahramon Otaqulov, Odil Kabilov, Xushvaqt Turdiyev, Musulmon Aliqulov, Urol Xalmonov, Koreya Respublikasi fuqarosi Kang Namkyu va boshqalar jinoiy til biriktirib, “Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MCHJni tashkil etgan. Ular 2019 yilning 4 yanvar kuni Tashqi Mehnat migratsiyasi agentligidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanishga litsenziya olgan.
Shundan so‘ng, ushbu jamiyatga murojaat qilgan fuqarolarni 3 oy ichida Koreya davlatiga ishga yuborishlarini va’da qilib, ular bilan soxta shartnoma tuza boshlagan. Faoliyatlari yuzasidan shubha tug‘ilmasliga uchun to‘lov kvitansiyalarni soxtalashtirib, 2 385 nafar jabrlanuvchining jami 24,8 mlrd so‘m pulini ATB “Turonbank” Chilonzor filialidagi hisob raqamiga o‘tkaztirgan. Bankdagi barcha mablag‘ni naqd ko‘rinishda qabul qilib, fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan va shaxsiy ehtiyojiga sarflab yuborgan.
Xabarda aytilishicha, jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning 14,213 mlrd so‘m qismi undirilgan. Shuningdek, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan avval jabrlanuvchilarga qaytarilgan mablag‘ 2,86 mlrd so‘m tashkil etadi.
Ayblanuvchilar tomonidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni undirish masalasi sudning hukmidan so‘ng hal etiladi.
Hozirda ayblanuvchilar Q. Otaqulov, O. Qobilov, X. Turdiyev, M. Aliqulov, A.Shamshiddinov, O.Jo‘rayev va Kang Namkyu qamoqda saqlanmoqda, U.Xalmonovga qidiruv e’lon qilingan.
LiveBarchasi