Ikki gigant Islandiyada. AQSH va Rossiya nimalarga kelishib oldi?
Olam
−
20 may 2021
10330Bugun, 20 may kuni Islandiyaning poytaxti Reykyavikda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH davlat kotibi Entoni Blinken muzokaralar o‘tkazdi. Qayd etish kerakki, Arktika kengashi doirasida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda ular birinchi marotaba yuzma-yuz ko‘rishdi. Quyida ikki gigant davlat mas’ullari o‘rtasidagi suhbatning eng asosiy qismlari haqida so‘z boradi.
Ikki tomonlama munosabatlar to‘g‘risida
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Blinken bilan ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish yo‘llarini muhokama qilmoqchiligini aytdi.
“Ehtimol, bizning vazifamiz Prezidentlarimiz o‘rtasidagi telefon suhbatlarini rivojlantirishda o‘zaro munosabatlarni qanday davom ettirishimizni aniqlashdan iborat. Bizning pozitsiyamiz juda oddiy: biz barcha masalalarni istisnosiz muhokama qilishga tayyormiz, bundan tashqari bu munozara to‘g‘ri bo‘lishini, stoldagi faktlar bilan va, albatta, o‘zaro hurmat asosida o‘tishini istaymiz”, deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri.
O‘z navbatida, AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya va AQSH o‘rtasidagi barqaror va oldindan bashorat qilsa bo‘ladigan munosabatlar ikkala mamlakat xalqlari va butun dunyoga foyda keltirishini ta’kidlagan.
“Biz Rossiya bilan oldindan taxmin qilsa bo‘ladigan, barqaror aloqalarga intilamiz. Bu bizning xalqimizga, Rossiya xalqiga va butun dunyoga foydali bo‘ladi, deb o‘ylaymiz”, deydi Blinken.
Qarama-qarshiliklar haqida
“Biz xalqaro vaziyatni baholashda jiddiy kelishmovchiliklarga duch kelmoqdamiz. Normallashtirish uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar bo‘yicha ham ikki o‘rtada turli qarashlar mavjud”, deydi Lavrov.
O‘z o‘rnida, ikki o‘rtadagi ziddiyat bo‘yicha AQSH tomoni ham fikr bildirib, quyidagilarni ma’lum qilgan:
“Bizning [Rossiya va AQSH] o‘rtamizda kelishmovchiliklar borligi sir emas. Ziddiyatlar haqida gap ketadigan bo‘lsa, Prezident Jo Bayden Prezident Vladimir Putinga aytganidek, agar Rossiya bizga, sheriklarimizga yoki ittifoqchilarimizga qarshi agressiv ravishda harakat qiladigan bo‘lsa, biz bunga javob qaytaramiz”.
Hamkorlik haqida
“Agar bir necha marta telefon orqali suhbatlashgan Prezidentlarimiz o‘rtasidagi munosabatni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, ular bizning manfaatlarimiz bir-biriga mos keladigan hamda ijobiy natija olishimiz mumkin bo‘lgan masalalarda hamkorlik qilishimizga rozi. Xoh bu mojaroli vaziyatlar bo‘lsin, xoh boshqa, eng muhimi, strategik barqarorlik muammolarida bo‘lsin”, deydi Sergey Lavrov.
Rossiya TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Koreya yarim oroli, Eron yadro dasturi atrofidagi vaziyat, Afg‘oniston masalasi, allaqachon, ikki davlat vakillari o‘rtasida faol muhokama qilinmoqda.
“COVID-19 va pandemiyaga qarshi kurash, iqlim o‘zgarishi, Eron va Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturlari hamda Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalarni hal qilish kabi bizning manfaatlarimiz bir-biriga mos keladigan ko‘plab sohalar mavjud”, deydi AQSH davlat kotibi.
Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Vashingtonning fikri shundan iboratki, agar Rossiya va AQSH rahbarlari hamkorlik ruhida birgalikda ishlasa, u holda ikki davlat xalqi va butun dunyo yanada xavfsizroq bo‘lishi mumkin.
Diplomatlar ishi to‘g‘risida
Sergey Lavrovning aytishicha, Rossiya tomoni AQSHning avvalgi ma’muriyatidan meros bo‘lib qolgan ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik faoliyat bilan bog‘liq “xarobalarni tozalashga” tayyor.
“Agar diplomatlarning ishlashi uchun normal sharoitlarni ta’minlamasak, biz diplomatiyaning asl ma’nosiga putur yetkazayotgan bo‘lamiz”, deya ta’kidladi Lavrov.
LiveBarchasi