Ikki hududda sovuqdan muzlab o‘lgani aytilayotgan jasadlar topildi
3-sahifa
−
23 dekabr 2020
31202Qoraqalpog‘iston va Samarqandda alomatlariga ko‘ra sovuqda muzlab qolish oqibatida halok bo‘lgan ikki jasad topildi. Bu haqda IIVning “Postda” gazetasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 6 dekabr kuni bedarak yo‘qolgani uchun qidiruvga berilgan Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumani “Sarishingul” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashagan, 1991 yilda tug‘ilgan N.R.ning tashqi ko‘rinishidan jarohatsiz jasadi “Kulab” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan topilgan.
O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, u “tananing umumiy sovuqqotishi”dan halok bo‘lganligi aniqlangan.
Xuddi shunday holat Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida ham yuz bergan. Joriy yilning 17 dekabridagi ma’lumotga ko‘ra, “Farovon Yo‘ldoshobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Agrosanoat” MCHJga tegishli dala maydonidan Osiyo millatiga mansub, 30-35 yoshlardagi noma’lum erkak kishining tashqi ko‘rinishidan jarohatsiz jasadi topilgan.
O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, u “tananing umumiy sovuqqotishi”dan o‘lganligi aniqlangan.
Ko‘rilgan choralar natijasida jasadning shaxsi aniqlangan. U Narpay tumanida yashagan, 1990 yilda tug‘ilgan N.V. ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Ayni paytda har ikki holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi