Iqtisodiy kompleksdagi 297 nafar rahbar ishdan olindi
Jamiyat
−
16 dekabr 2024 10732 2 daqiqa
O‘zbekistonda sustkashlik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan iqtisodiy kompleksdagi 297 nafar rahbar ishdan olindi. Bu haqda bugun, 16 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan bank xizmatlari orqali mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, ishdan olinganlar o‘rniga zamonaviy fikrlaydigan, yangi tajriba yaratib, odamlarimizni rozi qilaman degan tashabbuskor yoshlar ishga olindi.
“Qat’iy ogohlantiraman – mahallaga tushib, odamlarimiz va tadbirkorlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamaydi. Hamma o‘zgarishi kerak. Ko‘rib turibsizlar, har daqiqa dunyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat qiyinlashib, yangi-yangi tahdidlar paydo bo‘layapti. Ularga bugun javob topmasak, keyin kech bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.
Shuningdek, bugungi yig‘ilishga tayyorgarlik doirasida 2025 yilda 5 milliondan ziyod aholini daromadli qilish, 1,5 million odamni kambag‘allikdan chiqarish mahallabay hisob-kitob qilingan. Bu maqsadga erishish uchun hududlarning iqtisodiy sektor rahbarlari o‘z ongini o‘zgartirishi, ish tizimi va yondashuvlarini tubdan qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan. Ular hududlarda tadbirkorlar bilan uchrashib, zamon talablariga mos ishlash tartibiga o‘tishi muhim ekani uqtirilgan.
Shu bilan birga, hokim va banklarning ijobiy tajribalarini kengaytirish, muammolarni hal qilish bo‘yicha 40 dan ortiq taklif va tashabbuslar tayyorlangan.
“Umuman, 2025 yil bandlikni ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarishda eng muhim va hal qiluvchi yil bo‘ladi”, dedi Prezident.
Live
Barchasi