IIV Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida qonun ishlab chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi “Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini tayyorlab, umumiy muhokamaga qo‘ydi.

Loyihaga berilgan sharhda qayd etilishicha, bugungi kundagi yo‘llarning holati o‘sib borayotgan transport vositalarining tirbandliklarsiz harakatlanishini ta’minlashga javob bermaydi, yo‘l harakati ishtirokchilari bo‘lgan transport vositalari yo‘lovchilari, piyoda va velosiped xaydovchichilar uchun yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.

Bunday holatlar sabablarini o‘rganish natijalari yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha amaliyotda qo‘llanilib kelayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning aksariyati sobiq ittifoq davrida ishlab chiqilganligini, yagona tizimga muvofiqlashtirilmaganligini, ulardagi normalar zamonaviy talablarga mos kelmasligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun mas’ul tuzilmalar instituti shakllanmagan.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari va maxsus vakolatli davlat organlari tarkibida bo‘lgan yo‘l harakatini tashkil etish faoliyatini amalga oshiruvchi tuzilmalarning quvvati ularga yuklatiladigan ish hajmlariga mos kelmaydi hamda ushbu tuzilmalarning moddiy-texnik bazasi ma’nan eskirgan, zamonaviy talablarga javob bermaydi.

Yo‘llarda to‘xtab turish joylarini tashkil etish tizimli olib borilmagan va tartibga solinmagan, to‘xtab turish joylariga qo‘yiladigan talablar belgilanmagan, axborot tizimi shakllantirilmagan, bunday joylarning reyestri yuritilmagan.

Loyihada yo‘l harakatini tashkil etishning asosiy prinsiplari; yo‘l harakatini tashkil etish sohasidagi davlat boshqaruvi, avtomobil yo‘li egasining huquq va majburiyatlari, yo‘l harakatini tashkil etishga qo‘yiladigan umumiy talablar, yo‘l harakati monitoringini olib borish, yo‘l harakatini tashkil etish samaradorligini ta’minlash, to‘xtab turish joylariga qo‘yiladigan talablar, kapital qurilish ob’ektlarida yo‘l harakatini tashkil etish tartibi, yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki, yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha hujjatlarga qo‘yiladigan umumiy talablar, yo‘l harakatini tashkil etishning loyihalarini ishlab chiqish tartibi va yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha normalar belgilanmoqda.

Loyihani ishlab chiqish jarayonida bir qator xorijiy mamlakatlar, jumladan Rossiya, Germaniya, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy, Gruziya, Estoniya, Latviya, Ukraina va boshqa bir qator davlatlarning qonunchiligi o‘rganildi hamda amaliy tajribasidan foydalanilgan.

Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan:

  • yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha Davlat boshqaruvi va vakolatli organlar o‘rtasida samarali hamkorlik qilish tizimlari yaratiladi;
  • yo‘l harakatini tashkil etish sohasidagi faoliyatning tizimli va kompleks boshqarilishi natijasida yo‘l harakatini tashkil etish samaradorligini oshirishga hamda takomillashtirishga erishiladi, yo‘l harakati xavfsizligi yuqori darajaga ko‘tariladi;
  • yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga, barcha foydalanuvchilarga, jumladan, piyodalar, velosipedchilar, yo‘lovchilarga keng qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

162

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing