Ayrim viloyatlar narkologlar bilan 50 foizgacha ham ta’minlanmagan – Vazir o‘rinbosari
Jamiyat
−
11 Sentabr 2020
4001Senatning yettinchi yalpi majlisida “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Qonun muhokamasi davomida Abduhakim Hojiboyev narkologik muassasalaridagi muammolarni sanab o‘tdi.
Vazir o‘rinbosarining aytishicha, hozirgi kunda mavjud narkologik tibbiyot muassasalarida 506 ta narkolog-shifokor shtati bo‘lib, ularning 435 tasi band. Shifokorlar bilan ta’minlanish darajasi 84 foizni tashkil qilgan. Ko‘pgina viloyatlarda ahvol bundan ham og‘ir. Navoiy viloyatida narkolog-shifokorlar bilan ta’minlanish darajasi 33 foiz, Sirdaryo viloyatida 47,8 foizni tashkil qilgan.
“Bu jiddiy muammo. Joriy yilning birinchi yarmida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida 240 nafarga yaqin shifokor-narkolog, psixolog va psixoterapevtlar o‘z malakalarini oshirgan.”, deydi Abduhakim Hojiboyev.
Ma’lum bo‘lishicha, qonunda birinchi navbatda psixoaktiv moddalarning tarqalishiga va notibbiy iste’mol qilinishiga sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy, ma’rifiy hamda tibbiy-psixologik tadbirlar kompleksini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari narkologik kasalliklarga chalingan, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga moyil shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga ko‘maklashishi belgilangan. Yangi qonunga ko‘ra, davlat ambulatoriya va statsionar sharoitlarda bunday bemorlarga maslahat berish, tashxis qo‘yilishini, davolashni, psixoprofilaktik, reabilitatsiyaviy, ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlaydi.
Narkologiya dispanserlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, mamlakatning yirik shaharlarida respublika, viloyat, shahar yoki tumanlararo darajada mustaqil davolash-profilaktika muassasalari sifatida tashkil etilishi, qolaversa, ambulatoriya sharoitlaridagi narkologik yordam tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tuzilmasida tashkil etilgan narkologiya kabinetlari tomonidan ko‘rsatilishi belgilangan.
Senat a’zolari mazkur qonunni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr