IIV huzurida yangi jamg‘arma tashkil etiladi
Jamiyat
−
06 mart 2019 4900 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Transport va turizm ob’ektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Qarorda 2019 yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxs tashkil etmagan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzurida Xavfsiz turizmni ta’minlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etish belgilandi.
Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:
- O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga tushumlarning 10 foizi;
- xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlari tomonidan tegishliligiga ko‘ra ularga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlar bo‘yicha undirilgan jarimalar mablag‘lari;
- mazkur qarorga muvofiq xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun kelib tushadigan mablag‘lar;
- xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari hamda qonunchilik bilan ta’qiqlanmagan boshqa manbalar.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini joriy qilish hamda turistik namoyishi va infratuzilmasi ob’ektlarining soni hamda o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ushbu sohaga fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilish huquqi berildi.
Shuningdek, vazirlik Jamg‘arma hisobidan xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlari uchun, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa qo‘shimcha haqlardan qat’iy nazar, lavozim maoshining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda rag‘batlantiruvchi ustamalar belgilash imkoniyatiga ham ega.
Jamg‘arma mablag‘lari faqat quyidagilar uchun sarflanadi:
- xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalarining xodimlarini rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
- xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarining kasbiy tayyorgarligini oshirish, ular tomonidan ilg‘or xorijiy tajribani, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga chiqish orqali o‘rganish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish;
- xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarining qo‘shimcha joriy etilgan va byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmaydigan shtat birliklarini hamda shartnoma asosida jalb qilingan fuqarolarni moliyalashtirish;
- xavfsiz turizmni ta’minlash sohasida ko‘rgazma va yarmarkalarni o‘tkazish, loyiha, dastur va boshqa tadbirlarni amalga oshirish.
Live
Barchasi