IIV QALAMPIR.UZ jurnalistiga nisbatan tuhmatni o‘z nazoratiga oldi
Jamiyat
−
07 avgust 2021
12931O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaga bo‘lgan tuhmat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv ishlarini nazoratga oldi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov Telegram’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
“Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tezkor xizmatlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, vaziyat Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olingan
Shu o‘rinda, qonunchilikda yolg‘on axborot tarqatganlik, tuhmat, pornografik mazmundagi ma’lumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni OAV va internet tarmoqlarida tarqatish uchun javobgarlik mavjud ekanligini eslatib o‘tamiz.
Biz jurnalistlarni xolislik, ochiqlik, shaffoflik doirasidagi faoliyatini qadrlaymiz va ularni himoyasiga doimo tayyormiz”, deb yozadi G‘iyosov.
Eslatib o‘tamiz, Feruza Najmiddinova 2019 yildan buyon QALAMPIR.UZ internet nashrida faoliyat yuritib kelmoqda. U oliy ma’lumotli, oilali. 2021 yilda “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan e’tiborga tushgan. U haqidagi bo‘htonga to‘la video Feruza Najmiddinovaning QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan “Tashkent City”dagi restoranlarning “tanka”si bormi? Maxsus komissiya qarori nega ishlamayapti?” nomli reportajidan bir kun o‘tib, 7 avgust kuni tarqatildi.
LiveBarchasi