IIO xodimiga fuqarolarni narkologik dispanserga yotqizish bo‘yicha qo‘shimcha vakolat berildi
Jamiyat
−
17 may 2022
5951Endilikda ichki ishlar organlariga o‘z tashabbusi bilan ham narkologik kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish yuzasidan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish huquqi berildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kecha, 16 may kuni qabul qilingan “Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi,
Avvallari ichki ishlar organlari tomonidan narkologik kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish narkologiya muassasalarining, narkologik kasallikka chalingan shaxs oila a’zolarining yoki qarindoshlarining iltimosnomalari asosida amalga oshirilar edi.
Mazkur qaror bilan aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Xususan, qaror asosida 2023 yil 1 yanvardan qonunchilikda quyidagi o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi:
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish bo‘yicha barcha tibbiy tekshiruvlar narkologiya dispanserlarining o‘zida, zarur hollarda boshqa muassasalarda amalga oshiriladi;
narkologiya dispanserlaridagi mavjud koykalar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratiladi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi ishlarni elektron tarzda sudlarga yuborish va sudlar tomonidan ularni videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqish mumkin bo‘ladi;
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va hududiy filiallarining ambulator va statsionar bo‘limlarida tibbiy psixolog yoki psixoterapevt lavozimlari joriy etiladi;
Hududlardagi tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida kamida 10 o‘rinli mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktlari tashkil etiladi;
Shuningdek, joriy yil yakunigacha narkologik bemorlarni ixtiyoriy va majburiy davolash uchun narkologiya dispanserlarida qo‘shimcha 430 ta o‘rin tashkil etiladi.
Abbos Lapasov
LiveBarchasi