IIO ekspertlariga pullik xizmat ko‘rsatish huquqi berildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 8 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

•    O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi to‘g‘risida nizom;
•    Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
•    Ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalarini 2022 yilda moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlash dasturi.

Qabul qilingan qaror bilan ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi:

•    zamonaviy fan va texnikaning ilg‘or yutuqlarini, raqamli texnologiyalarni, kriminalistikaning yangi ilmiy usul va vositalarini qo‘llash mexanizmlarini joriy etish, avtomatlashtirilgan kriminalistik axborot-qidiruv tizimlari va axborot bazalarini yaratish;
•    axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklar bo‘yicha raqamli ekspertizaning imkoniyatlaridan foydalanish;
•    shaxsga doir biometrik ma’lumotlar (genomga oid axborot, yuz qiyofasi, qo‘lbarmoq, izlari) asosida avtomatlashtirilgan identifikatsiya tizimlarini tatbiq qilish;
•    tezkor-qidiruv tadbirlari, tergov va sud harakatlarida ashyoviy dalillar tadqiqotining yangi turlari, innovatsion kriminalistik yondashuv, usul hamda texnik vositalarini keng joriy etish;
•    ekspert-kriminalistika sohasida kadrlarni maqsadli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha samarali o‘quv-amaliyot jarayonini tashkil etish.

IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi tuzilmasida Genetik tadqiqotlar va Shaxsning genom axborotini davlat ro‘yxatiga olish bo‘limlari tashkil etiladi. Shuningdek, o‘qotar, pnevmatik, gazli, signal beruvchi, covuq, uloqtiruvchi va boshqa qurollar, ularning o‘q-dorilarini, maxsus vositalarni, o‘q o‘tkazmaydigan maxsus himoya vositalarini, elektroshok qurilmalari, pirotexnika buyumlari va portlovchi materiallarni sertifikatlashni amalga oshiruvchi davlat muassasasi tashkil etilmoqda.

Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga ekspert- kriminalistika sohasida jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida ekspertlik, biometrik identifikatsiya, ilmiy-tadqiqot va axborot xizmatlarini hamda sohaga oid boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatish huquqi beriladi.

Shuningdek, qarorda quyidagilar belgilandi:

•    maxsus ilmiy-texnik va intellektual salohiyatga ega shaxslar mutaxassis yoki texnik ishchi sifatida ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga shartnoma asosida jalb etilishi mumkin;
•    IIV Akademiyasi Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi belgilangan tartibda tegishli sud ekspertizalari (daktiloskopik, trasologik, ballistik, sovuq qurollar, portret, xatshunoslik va boshqalar) va tadqiqotlarni o‘tkazish huquqiga ega.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

111

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing