IIB 2 baho qo‘ygani uchun do‘pposlangan o‘qituvchi masalasiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
10 aprel 2021
13107Avvalroq Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani 134-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi Shohnur Oqqo‘ziyev joriy yilning 6 aprel kuni o‘quvchilardan birining akalari tomonidan do‘pposlangani haqida xabar bergan edik. Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra. joriy yilning 6 aprel kuni Chiroqchi tuman IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan habarda, shu kuni tumandagi 134-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi Sh.O. o‘z darsida shu maktab o‘quvchisi M.O. ga “2” baho qo‘ygani sababli maktab o‘quvchisi M.O. ushbu holatni akasi X.B. ga aytgan. X.B. shu kuni soat 12:00 larda ikkita tanishi bilan maktabga kelib, ingliz tili fani o‘qituvchisi Sh.O. ning harakatidan norozi bo‘lib, maktab hududida unga tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat tuman IIO FMB navbatchilik qismidan belgilangan tartibda qayd etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Avvalgi xabarda ham qayd etilganidek, kaltaklangan o‘qituvchi Sh.O. ning aytishicha, janjalni maktab o‘qituvchilari to‘xtatib qolgan. O‘quvchining akalari esa ketayotib, “kechasi so‘yib ketish” bilan ham tahdid qilgan.
Eng qizig‘i, 2 baho olib, akalarini yetaklab kelgan o‘quvchi maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abdunosir Hoshimovning o‘g‘li va uni kaltaklagan yigitlar esa maktabning sobiq o‘quvchilari ekani aytilmoqda.
Jabrlangan o‘qituvchining onasiga ko‘ra, o‘g‘li 4-kursdaligida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev "chekka hududga borib dars berish" evaziga kontraktini to‘lab bergan. Shu bois u Qarshi tumanidan 100 km uzoqda joylashgan Chiroqchi tumaniga qatnab, ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlayotgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda Sh.O. viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Neyroxirurgiya bo‘limida davolanmoqda. Uning bilaklari, beli va oyog‘iga jiddiy shikast yetkazilgan.
LiveBarchasi