Igna yutib yuborgan 19 yoshli qashqadaryolik yigit qutqarib qolindi

Jamiyat

image

Shu yilning 17 oktyabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filialiga g‘uzorlik 19 yoshli Ozod Normatov favqulodda tibbiy yordamga muhtoj holda keltirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Aniqlanishicha yigit tikuv ignasi bilan tish kavlamoqchi bo‘lgan, ammo ehtiyotsizlik oqibatida uni yutib yuborgan. 

Tibbiyot xodimlarining tezkorlik bilan o‘tkazgan tekshiruvlaridan so‘ng uni Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining neyroxirurgiya bo‘limiga olib borishga qaror qilindi. Ikki tibbiy muassasaning malakali mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan konsiliumda jarrohlar hamkorlikda bemorga yordam berishga kengashib oldi.

"Tekshiruvlar vaqtida igna uchinchi bo‘yin umurtqasining chap tomonida ekani aniqlandi", deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filiali direktori Ravshan Tulyakov. 

"Noyob jarrohlik amaliyotini EOP (elektron-optik preobrazovatel) uskunasi yordamida tajribali xirurglar Suvon Berdiyev va Soat Temirov amalga oshirdi. Ushbu amaliyotning murakkabligi shundaki, salgina ehtiyotsizlik qilinsa, u og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Chunki bo‘yin qismida joylashgan katta qon tomirlari va asab tizimiga zarar yetkazmasdan ignani bo‘yin umurtqasidan chiqarib olish amaliyoti jarrohlardan yuksak malaka va mahorat talab etardi. Va jarrohlarimiz buni muvaffaqiyat bilan uddaladi. Jarrohlik amaliyoti asoratsiz tarzda amalga oshirildi. Bemorni yana hayotga qaytarganimizdan mamnunmiz", dedi Ravshan Tulyakov.

Ayni paytda bemor o‘zini juda yaxshi his etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Igna yutib yuborgan qashqadaryolik yigit

Baholaganlar

84

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar