ID-karta uchun ro‘molda rasmga tushish mumkinmi? IIV javob berdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 4 yanvaridan O‘zbekistonda biometrik pasport o‘rniga ID-kartalar berish boshlandi. Shaxsni tasdiqlovchi identifikatsiya kartalari berish boshlanishi bilan fuqarolar orasida ID-karta uchun ro‘mol bilan suratga tushish mumkinmi, degan savol paydo bo‘ldi. 

Ushbu savolga IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Xo‘jayev javob berdi.

“Prezidentimizning O‘zbekiston fuqarolarini xorijga chiqish biometrik pasportlarini rasmiylashtirish haqidagi qarorida hamda ID-kartalar berish bilan bog‘liq bo‘lgan 6065-sonli farmonida barcha normalar keltirilgan. Unga ko‘ra fuqarolarimiz biometrik pasport yoki ID-karta uchun rasmga tushayotganda bosh kiyimda yoki ko‘zoynakda tushishlari cheklangan. Sababi bu xalqaro hamjamiyatda belgilangan norma hisoblanadi. Agar fuqaro bosh kiyimsiz yoki ko‘zoynaksiz tushishdan bosh tortsa, ma’lumotlarni qabul qilish punkti ularga ID-kartani yoki biometrik pasportni rasmiylashtirishda rad javobini berishi mumkin. Bu yuqorida ta’kidlab o‘tilgan qaror va farmonda belgilangan”, deydi Shuhrat Xo‘jayev.

MFRBB bo‘lim boshlig‘i Ahror Vasliyev Xo‘jayevning javobiga qo‘shimcha qilar ekan, ko‘zoynak, ro‘mol va bosh kiyim yuzdagi maxsus nuqtalarning aniqlanishiga halaqit qilishini aytdi.

“Bu xalqaro normalardan o‘tgan narsa. Insonning yuzida shaxsini tasdiqlovchi “tochka”lar mavjud. Ko‘zoynak yoki ro‘molda rasmga tushish esa fuqaroni identifikatsiya qilishga halal beradi. Shu sababli ham ID-karta uchun yoki biometrik pasport uchun rasmga tushayotganda ko‘zoynak, bosh kiyim va ro‘molda tushish xalqaro normalarda taqiqlangan”, deydi Ahror Vasliyev.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil 22 sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risida nizomning 17-bandida agar fuqaro qo‘l barmoq izlari olinishidan bosh tortsa yoxud ko‘zoynakda yoki bosh kiyimda suratga tushish istagidan qaytmasa, ma’lumotlarni yig‘ish punkti fuqaroga ID-karta rasmiylashtirishni rad etadi deb belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1040

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing