Ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash “Mening yo‘lim” orqali amalga oshiriladi
Jamiyat
−
12 Sentabr 2023
4871O‘zbekistonda bundan buyon ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun byudjet mablag‘lari faqat “Mening yo‘lim” dasturi orqali ajratiladi. Bu haqda Prezident boshchiligida bo‘lib o‘tayotgan yo‘l xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha dolzarb masalalar yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun 2024 yilda “Mening yo‘lim” dasturi doirasida 800 milliard so‘m ajratiladi.
“Endi qayerda ichki yo‘l qurish, qayerdagi yo‘llarni ta’mirlashni odamlarimizning o‘zi hal qiladi. Shunday qilsak, loyihani tanlab olishda va sifatni ta’minlashda ochiqlik bo‘ladi, to‘liq jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi”, degan Prezident.
Shuningdek, Mirziyoyev xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqishda yangidan tuzilayotgan jamg‘arma imkoniyatlaridan foydalanish zarurligini aytib o‘tgan. Bunda, maxsus ishchi guruh yo‘l xo‘jaligi sohasida investitsiya va davlat-xususiy sheriklik metodologiyasi va mezonlarini ishlab chiqadi. Viloyat hokimlari bilan birgalikda loyihalar tanlab olinadi va investorlarni jalb qilish uchun tayyorlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning o‘zida 470 ta mahallada ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash ishlariga 410 milliard so‘m yo‘naltirilganligi, 3 mingga yaqin mahalla yo‘llariga ilk bor asfalt yotqizilib, yana 2 mingta mahalladagi tuproq yo‘llar shag‘al qoplamaga o‘tkazilganligi haqda xabar bergan edik.
LiveBarchasi