“Ichkari”dan va “roddom”dan qaytib chiqmaganlar. Yilning dahshatli fojialari
Tahlil
−
31 dekabr 2023
13660Sergelida uch farzandi bilan 9-qavatdan o‘zini tashlagan ona, Ichki ishlarga o‘z oyog‘ida kirib, jasadi chiqqan yosh yigitlar, xotiniga jahl qilib, 3 bolasini o‘ldirgan qotil ota. Ha bu yil yuz bergan ushbu voqealar qalbimizni larzaga keltirdi. Qayd etish joiz, bu yil O‘zbekistonda fojialarga to‘la yil bo‘ldi. Jonidan to‘yib, yuqoridan sakragan, o‘zini metro va avtobus tagiga tashlab, o‘lganlar ham yetarlicha. Ammo hali hayotga to‘ymay, boshqalarning aybi bilan qurbon bo‘lgan, o‘ldirilgan odamlar, dunyo yuzini ko‘rishga ulgurmagan go‘daklarning hayotdan bevaqt ketishiga nima deysiz?.. Keling, bugun O‘zbekistonda joriy yilda yuz bergan eng dahshatli fojialar, qotilliklar haqida gaplashamiz.
“Roddom”dan o‘ligi chiqqanlar
2023 yilda respublikada yuz bergan o‘limlar haqida ma’lumotni qidirar ekanman, ularning orasida tug‘uruqxonadan o‘ligi chiqqan onalar va chaqaloqlarning o‘limi sezilarli darajada ekanligi e’tiborimni tortdi. Masalan, joriy yilning fevral oyida Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi tug‘uruq kompleksida bir ayolning ahvoli og‘irlashib, vafot etgani aniqlangan. Holat yuzasidan Koson tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangani ma’lum qilingan ammo keyinchalik bu haqda prokuratura boshqa ma’lumot aytmagan. Ayolning o‘limiga nima sabab bo‘lgani, bolasi tirik qolganmi yoki yo‘qmi, u ham ochiqlanmagan. Shuningdek, shu yilning iyul oyida Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi tug‘ruqxonada homilador ayol chaqalog‘i bilan vafot etdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat bo‘yicha rasmiy bayonot berib, ayol muassasaga olib kelinganida ahvoli o‘ta og‘ir, terisi rangpar, sovuq ter bosgan, tana harorati 39,5 daraja, karaxt va savollarga aniq javob bera olmaydigan ahvolda bo‘lganini iddao qildi. Bemor o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasiga o‘tkazilgan. Biroq soat 07:30 da bemorda klinik o‘lim holati qayd etilgan.
Yana bir holatda esa joriy yilning 22 iyun kuni 26 yoshli ayol muddatidan oldin egizak chaqaloqlarni dunyoga keltirgan. Ammo egizak qizaloqlar vafot etgan. Xuddi shunday voqea Qashqadaryo viloyatida ham yuz bergandi. 2004 yilda tug‘ilgan ayol egizak o‘g‘illarini dunyoga keltirish vaqtida vafot etgan. Bu holatlar yuzasidan albatta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ammo endi onalar ham, bolalar ham oramizda yo‘q. Xullas, bunday voqealarni sanashga barmoqlarimiz kamlik qiladi.
Xo‘p, bolalarning ba’zilari shifokorlarning aybi bilan, yana ba’zilari esa erta tug‘ruq kabi sabablar bilan vafot etdi. Biroq, shunday voqealar ham sodir bo‘ldiki, ota-onalar o‘z bolalarining qotiliga aylandi. Bu faktlarga duch kelib, shunchalik vahshiy bo‘lib ketyapmizmi, deb o‘ylab qolasan...
Sergeli fojiasi
Gap shundaki, joriy yilning aprel oyida Toshkent shahri Sergeli tumanida ona 3 nafar farzandi bilan o‘zini 9-qavatdan pastga tashlagani haqidagi xabar yuraklarni junbishga keltirdi. Ona 2018-2019 yillarda tug‘ilgan o‘g‘illarini, 2022 yilda tug‘ilgan qizini va nihoyat o‘zini yuqori qavatdan tashlagan. Ona va uning uch nafar bolasi olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyining o‘zida vafot etgan. Ularning o‘limidan so‘ng, odamlar orasida ona o‘z bolalarini o‘limga mahkum qilishiga bir qancha sabab borligi aylanib yurdi. Ba’zilar ayol erining xiyonatiga chidolmasdan bu ishni qilganini aytgan bo‘lsa, yana boshqalar esa uning ruhiy nosog‘lomligi haqida gapirdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham ona Yaratganning uch joniga xiyonat qilishiga haqqi bormidi? U nafaqat o‘zining balki, uch norasidaning ham kelajagini barbod qildi.
Qotil otalar
Farzand tarbiyasi uchun onalar bilan bir qatorda otalar ham mas’uldir. Ammo ota hali esini tanib ulgurmagan, go‘dak bolasining qotiliga aylansa, nima deyish kerak?
Masalan, Samarqandda may oyida 39 yoshli erkak Rossiyada ishlaydigan xotinining xiyonatiga chidolmasdan ikki o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirgan. U turmush o‘rtog‘idan qasd olish maqsadida uyida uxlab yotgan 2 nafar 2015 va 2017 yillarda tug‘ilgan o‘g‘illaridan "qasd" olgan. Yana bir Samarqandda yuz bergan holat undan ham ayanchli. 37 yoshli erkak Isroilda ishlayotgan xotini bilan telefonda kelib chiqqan janjaldan so‘ng, uch nafar voyaga yetmagan farzandini pichoqlab o‘ldirgan. Ha bu voqeadan so‘ng ota umrbodga qamaldi. Ammo endi go‘daklar oramizda yo‘q. Meni e’tiborimni tortgan jihati, bolalarining qotiliga aylangan dadalar ikki holatda ham turmush o‘rtog‘ini chetga ishga jo‘natib qo‘yib, o‘zi bekorchi bo‘lib yurgan. Bu ham yetmaganday murg‘ak farzandlarining boshini silash o‘rniga, ularning qotiliga aylangan.
Maktabdan o‘ligi chiqqanlar
Ammo shunday voqealar ham bo‘ldiki, ota-onalar farzandlarini ishonib jo‘natgan maktabdan ularning jasadlari qaytib keldi. Masalan, joriy yilning aprel oyida Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan 110-maktabning 8-sinf o‘quvchisi vafot etdi. 5 soat darsdan so‘ng bola maktab hovlisida vafot etgan. Maktab kuzatuv kamerasi videoyozuvlari o‘rganilganida hodisa joyida janjal yoki kelishmovchilik sodir bo‘lmagani aniqlangan.
Sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, uning o‘limiga “oshqozon osti beziga keng ko‘lamli qon quyilishi, o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi, o‘ng ko‘z yonida shilinma, ichki a’zolari to‘laqonligi, bosh miya va o‘pkalar shishi” sabab bo‘lgan.
Yana bir holatda esa Yunusobod tumanidagi 259-maktabning 6-sinf o‘quvchisi jismoniy tarbiya darsi chog‘ida vafot etdi. Bola dars vaqtida ko‘krak qafasiga koptok tegishi oqibatida hushini yo‘qotgan va qaytib turmagan.
Shuningdek, joriy yilning 27 noyabr kuni soat taxminan 18:15 larda Mirzo Ulug‘bek tumani, 99-sonli umumta’lim maktabi 8 sinf o‘quvchisi 2009 yilda tug‘ilgan Amirxon Akromxo‘jayev, shu maktab hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotgan vaqtida boshi bilan yiqilib, og‘zi ko‘pirib, hushidan ketgan. Maktab xodimlari esa zudlik bilan tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilgan.
Oradan taxminan 15 daqiqa o‘tganidan so‘ng, o‘quvchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan 15-sonli Respublika Kardiologiya markaziga olib ketilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan Amirxon Akromxo‘jayev vafot etgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Amirxon Akromxo‘jayevning o‘limi “Elektr jarohati, elektr toki yoyidan zaharlanish, o‘tkir nafas yurak-qon tomir yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi, chap qo‘l kaft sohasi elektr tamg‘asi” oqibatida yuz bergan.
Keyinchalik holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
IIBdan o‘ligi chiqqanlar
Yuqoridagi holatlardan farqli ravishda ba’zi ota-onalar ichki ishlarning tergov izolyatorlari, hibsxonalariga o‘z oyog‘i bilan kirib, jasadi chiqqan farzandlarining jasadi ustida ham ko‘z-yosh to‘kishga majbur bo‘lishdi.
Joriy yilning may oyida Toshkent shahri Chilonzor tumanida 21 yoshli Hafizulloh ismli yigit tergovdan qochish maqsadida hojatxonadan pastga sakrab, vafot etdi. Qayd etilishicha, yigit cho‘ntagida “gashish” giyohvandlik vositasini saqlab kelgani aniqlanib, joriy yilning 22 may kuni Chilonzor tumani ichki ishlar boshqarmasi giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘limiga olib kelingan. Bosh prokuratura talqiniga ko‘ra, u binoning 4-qavatiga surishtiruv harakatlarini o‘tkazish uchun olib chiqilganda, shu qavatda joylashgan hojatxonaga kirib, tezkor xodimni chalg‘itgan. U hojatxonaning derazasidan, pastda joylashgan oshxonaning shifer bilan qoplangan tom qismiga sakragan. Shiferning chetki qismi sinishi oqibatida Hafizulloh yerga qulab tushgan va halok bo‘lgan. Shundan so‘ng Toshkent shahar IIBB hamda Bosh prokuratura Hafizilloh o‘zini tashlagani iddao qilingan videotasvirlarni e’lon qildi. Ammo tasvirlarning birortasida ham yigitning yerda yotgan, shifoxonaga olib borilayotgani va undan keyingi jarayonlar aks etgan kadrlar ko‘rsatilmagan. Bundan tashqari, uning tergov qilinish jarayoni, hojatxonaga kirishni so‘ragani aks etgan tasvirlar ham yo‘q. Xullas, bu voqeadan keyin "prokuratura unday dedi, ichki ishlar bunday dedi", qabilida gumonlanuvchining o‘limi yuzasidan oxirigacha ma’lumotlar berilmadi va bu mavzu unutilmadi.
Eng alamlisi, Hafizullohning qabri sovishga ulgurmasidan yana bir qancha shunga o‘xshash voqealar yuz berdi. Masalan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasidan 33 yoshli fuqaroning, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Ichki ishlar bo‘limidan 36 yoshli erkakning, Toshkent viloyati Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergov hibsxonasidan esa 22 yoshli yigitning o‘ligi chiqdi. Tegishli organlar tomonidan ularning o‘limiga turli xil vajlar keltirildi. “Ichkari”dan o‘ligi chiqqanlar haqida ma’lumot to‘plar ekanman bo‘ldi, bu ro‘yxat tugadi, deyishim bilan hech qancha o‘tmasdan Navoiyda jazo muddatini o‘tayotgan mahkum saqlash kamerasida o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar kelib tushdi. U ham endi 24 yoshni qarshilagan yigit edi. Ammo bir savol qiynaydi. Bu kabi voqealarning nihoyasi bormi, tizimdagilar bu kabi fojialardan qachon saboq oladi?
Shuningdek, harbiy xizmatga borgan yigitlar ham uyiga tirik qaytmagan holatlar kuzatildi. Shu yilning iyun oyida Toshkentga muddatli harbiy xizmatni o‘tagani ketgan 24 yoshli yigit vafot etdi. Uning o‘limiga pnevmoniya sabab qilib ko‘rsatildi. Ammo marhumning yaqinlari uning o‘limi bilan bog‘liq holatga shubha bilan qaradi.
“Mening ukam 2023 yil 14 mart kuni muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun ketgandi. 26 iyun kuni ukangizning mazasi yo‘q, harbiy gospitalga tushib qoldi, kelmasangiz bo‘lmaydi, deb telefon qilishdi. Ukam bilan 24 iyun kuni gaplashgandik. Sog‘lig‘idan shikoyat qilmagandi. Shifokor uni ko‘kargan holatda kelganini aytyapti. Unga pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bizga o‘zidan ketib qoldi deyishdi. Uni o‘zidan ketish jarayoni, harbiy gospitalga kirib borishi tasvirlangan video kerak. Shu bilan qiziqyapmiz”, deydi marhumning akasi.
Yana shunga o‘xshash holat sodir bo‘lib, Jizzax viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan 19 yoshli askar vafot etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Milliy gvardiyaning Jizzax viloyati boshqarmasida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan 19 yoshli oddiy askar tibbiyot bo‘limi feldsheriga oshqozonida og‘riq borligi bilan murojaat qilgan.
U Samarqand harbiy gospitaliga olib borilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Mutaxassis-terapevt vrachning surunkali oshqozon kasalligining qo‘zish davri tashxisi bilan terapiya bo‘limiga statsionar davolanish uchun yotqizilgan. Ammo askarning sog‘lig‘i yomonlashib, harbiy gospitalda vafot etgan. O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, unda o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi sababli to‘satdan o‘lim holati qayd etilgan.
Liftdagi o‘lim
Yuqoridagi holatda tizimdagilar qachon xulosa chiqaradi deb asosan ichki ishlar organlarini nazarda tutdim. Ammo dars chiqarishi kerak bo‘lganlar faqat ichki ishlar organlari emas chamamda. Bu safargi o‘lik qamoqxonadan emas liftdan chiqdi.
Gap shundaki, joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkent shahrida 32 yoshli pochtachi ayol liftda qamalib qolib, vafot etdi. U liftda 3 kun qolib ketgan. Dastlab ayolning o‘limiga elektr o‘chgani sabab qilib aytilgandi. Tekshirish davomida ko‘p qavatli uyda yashovchilar ushbu lift bir necha kundan buyon ishlamayotgani, oldin ham nosozlik holatlari ko‘p takrorlangani haqida ma’lum qilgan. Shu orada, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, e’tibor bering, “28 iyul kuni mutaxassislar tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganida, lift qurilmasining xavfsizlik moslamalari ishchi holatdaligi yuzasidan birlamchi ko‘rik ishlari amalga oshirildi va ularni ishchi holatdaligi aniqlandi”, deya rasmiy munosabat bildirdi.
Vaholanki, lift 24-28 iyul kunlari ishlamayotganligini voqea guvohlari, uy yashovchilari o‘z tushuntirishlarida, shuningdek, voqea joyida xolis surishtiruv olib borgan ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarning videoreportajlarida to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan.
Shunday qilib, mas’ullar bu fojia yuzasidan javobgarlikni o‘zidan soqit qildi. Bu davrda esa ushbu voqea dunyoga tarqalib, holat ortidan bir qancha dunyoning mashhur ommaviy axborot vositalari “Toshkentda aniq va qat’iy hokimiyat yo‘q”, deya bong urib chiqishdi.
Bu yil O‘zbekistonda yuz bergan o‘limlar sarhisobini qilishda davom etar ekanman ularning oxiri yo‘qdek ko‘rindi. Barcha voqealarni eslab, ko‘zdan kechirganimda dahshatli qotilliklarni, fojialarni ko‘rib odamlar uchun barchasi shunchalik oson, shunchalik oddiy bo‘lib qolgandek tuyildi. Axir bu voqealarning ichida o‘z joniga qasd qilganlar, ota-onasini o‘ldirganlar, hali hayotga to‘ymagan yosh bolalar qotillari bor.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tizimdagilar yoki boshqa davlat tashkilotlari bunday dahshatli voqealardan o‘ziga xulosa chiqaradimi yoki yo‘qmi, bilmaymiz. Ammo insonga umr bir marotaba beriladi va uni mazmunli o‘tkazish, birovga yaxshilik qila olmasak, hech bo‘lmaganda unga yomonlik ham qilmasligimiz kerak. O‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling. QALAMPIR.UZ'ni kuzatishda davom eting.
LiveBarchasi