Ibrohim Totlisas avtohalokatga uchradi
Madaniyat-san’at
−
25 avgust 2022
34522Turkiyalik mashhur xonanda Ibrohim Totlisas avtohalokatga uchradi. Voqea bugun, 25 avgust kuni Bodrum-Yalikavak avtomobil trassasida sodir bo‘lgan. Bu haqda mahalliy nashrlar yozmoqda.
Qayd etilishicha, Ibrohim Totlisas o‘tirgan mikroavtobus yo‘lning qarama-qarshi qismidan kelayotgan yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. YTH oqibatida avtomobillar yona boshlagan. Voqeaga guvoh bo‘lgan aholining yordami bilan yong‘in o‘chirilgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibitida Ibrohim Totlisas va uning do‘sti, qo‘riqchi va haydovchi, shuningdek, yuk mashinasi haydochisi jarohatlangan. Xonanda avtomobil ichida siqilib qolgan. Uning avtomobil salonida qolib ketgani haqidagi xabarlardan keyin voqea joyiga ko‘p sonli qutqaruv guruhlari yuborilgan.
Qutqaruv guruhi Totlisas qolib ketgan avtomobilni kran bilan chuqurlikdan olib chiqib, so‘ng xonandani mashina salonidan chiqarib olgan. Totlisas zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Ibrohim Totlisas 1952 yilning 1 yanvar kuni Turkiyaning Shonliurfa shahrida dunyoga kelgan. 1970 yildan buyon xonandalik faoliyatini boshlagan. O‘z qo‘shiqlari bilan katta shuhrat qozongan xonandaning “Allohim”, “Tek tek”, “Haydi so‘yle” kabi taronalari O‘zbekistonda ham mashhur.
LiveBarchasi