IHTga raislik Turkmanistondan O‘zbekistonga o‘tadi – OAV

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Kelasi, 2022 yilda O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ga raislik qiladi. Bu haqda “Sputnik” yozmoqda. 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, bugun, 27 noyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 25-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda mamlakat TIV rahbari Abdulaziz Kamilov ishtirok etib, nutq so‘zladi. 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlarida savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish zarurligini ta’kidlab, buning uchun savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona va boshqa jarayonlarni yengillashtirish, transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish muhimligini qayd etgan. O‘z navbatida, Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga jalb etish, ushbu mamlakatga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishiga ko‘maklashish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muhimligi bildirilgan.

Tadbir davomida tomonlar Tashkilotning bo‘lajak sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va Davlat rahbarlari ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan qator hujjatlar loyihalari yuzasidan fikr almashgan.

Bundan tashqari, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan. Tashkilotning ixtisoslashgan institutlari hisobotlari tinglangan va tasdiqlangan.

Qayd etish kerakki, ertaga, 28 noyabr kuni Turkmaniston poytaxtida tuzilmaning navbatdagi 15-sammiti bo‘lib o‘tadi, unda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, kelasi, 2022 yilda O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga ham raislik qiladi.

Ma’lumot uchun, IHTga 1985 yilda uch davlat: Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan asos solingan. 1992 yilda ushbu xalqaro tashkilotga yana 7 ta davlat a’zo bo‘lgan. Bular: Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

111

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing