“Human” nashri mas’ullari tovlamachilikda ayblanmoqda – DXX 

Jamiyat

image

“Human” nashri mas’ullari tovlamachilikda ayblanmoqda. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmatining Telegram kanalida ma’lum qilindi. 

“DXX organlari tomonidan fuqaro I.A.dan kelib tushgan murojaatga asosan, fuqaro D.X. va boshqalarning “Telegram” messendjeridagi “Kompromat.uzb” va boshqa kanallar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorliklari sababli ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va xozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda. 

Xavfsizlik xizmatining tergov davomida protsess ishtirokchilari advokat bilan ta’minlanganini aytib, tergov jarayonlarini olib borishda ularning qonun bilan belgilangan huquq va erkinliklari ta’minlanishi kafolatlanishini aytmoqda.

“Ushbu jarayon bilan bog‘liq ma’lumotlar doimiy ravishda e’lon qilib boriladi”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi “Tovlamachilik” deb atalib, jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish jinoyatlarini o‘zida qamrab oladi.

Unga ko‘ra, bu uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar tovlamachilik:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) ko‘p miqdorda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, tovlamachilik:

a) juda ko‘p miqdorda;
b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq holat yuzasidan Prezident Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham munosabat bildirib, Xurshid Daliyev, Muslim Mirzajonovlarning ustidan fuqarolar shikoyat qilganini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing