Huawei 42-maktabning xitoy tili sinfxonalarini yangilab berdi

Biznes

image

Huawei kompaniyasi o‘zining korporativ ijtimoiy mas’uliyati doirasida Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi 42-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida xitoy tilini chuqur o‘rganish uchun ajratilgan o‘quv xonalarini ta’mirlab, yangi jihozlar bilan ta’minladi. Joriy yilning 15 mart kuni o‘quvchilar va maktab rahbariyati, Huawei kompaniyasi vakillari hamda Dungan madaniyat markazi raisi ishtirokida ushbu sinfxonalarni ochishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Huawei kompaniyasi xalq ta’limini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir ijtimoiy loyihani amalga oshirdi. O‘rtachirchiq tumanidagi 42-maktabda ikkita o‘quv xonasida ta’mirlash va pardozlash ishlari olib borilib, yangi jihozlar bilan ta’minlandi. Bu maktab chet tillarini o‘rganish, jumladan, Dungan qishlog‘i aholisi uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan xitoy tilini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan.

“O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga, har bir elatni o‘z madaniyatini asrab-avaylash va rivojlantirish borasida qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilib, oqilona milliy siyosat olib borilmoqda. Qishloq aholisi uchun xitoy tili o‘z ona tili bo‘lib, yaqinda 42-maktabda bu tilni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Tilni ta’lim muassasasida o‘rganish bizning dunganlik bolalarimizga o‘z ona tilini yaxshiroq o‘zlashtirish imkonini beradi va shu bilan birga, boshqa bolalarga xitoy tilini chet tili sifatida o‘rganish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Bularning barchasi ularning dunyoqarashini kengaytirish va bilimini chuqurlashtirish, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 42-maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda ko‘rsatayotgan yordami uchun Huawei kompaniyasidan minnatdormiz”, dedi Dungan madaniyat markazi raisi Mane Savurov.

“So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun masofaviy ta’lim tizimini mustahkamlashda raqamli texnologiyalarni joriy etish va ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash borasida bir qator loyihalarni amalga oshirdi. Bugun 42-maktabning ta’mirlangan o‘quv xonalari foydalanishga topshirildi va endi u yerda o‘quvchilar qulay sharoitlarda bilim olishadi va chet tillarini, jumladan xitoy tilini maroq bilan o‘rganishadi. Biz yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning kamol topishlari uchun imkoniyatlar yaratishda o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan mamnunmiz”, — dedi O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi rahbari janob Chen Szyakay.

Huawei kompaniyasi, shuningdek, xitoy tilini o‘rganishga ixtisoslashgan yana bir maktab – Toshkent shahridagi 59-maktab bilan doimiy hamkorlik qilib keladi. 2017 yilda maktabda raqamli ta’lim tamoyiliga asoslangan ilk o‘quv xonalaridan biri ochilgandi. 2020 yilda Huawei kompaniyasi maktabning texnik va moddiy bazasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’lim muassasasiga ofis texnikalarini sovg‘a qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili o‘quvchilar o‘rtasida xitoy tilini yaxshi bilish bo‘yicha maxsus tanlov tashkil etilgan edi. Tanlov yakuniga ko‘ra maktabning 6 nafar o‘quvchisiga Huawei kompaniyasi stipendiyalari topshirilgandi.

O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi 20 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritmoqda va butun faoliyati davomida ta’lim tizimiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va yosh kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. 2020 yilda Toshkent shahridagi ikkita maktabga masofaviy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish uchun zarur jihozlar taqdim etildi. Bo‘lajak AKT xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kompaniya har yili Seeds for The Future global o‘quv loyihasini o‘tkazib keladi.

Reklama huquqi asosida.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

28

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing