Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 yanvar kuni Jahon banki vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jahon banki guruhi dunyo miqyosidagi yetakchi moliyaviy institut bo‘lib, O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yangi dasturini amalga oshirishda strategik sherikdir.

Bugungi kunda Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilgan va davom ettirilayotgan loyihalarning qiymati 5,5 milliard dollarni tashkil etadi.

O‘tgan yili ushbu global moliyaviy institut umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan yangi istiqbolli loyihalarni ma’qulladi. Navoiy viloyatida quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kimoshdi savdosi, shuningdek, Vashington shahrida “Mamlakat platformasi” taqdimoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bularning barchasi O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi yaqin hamkorlik, ochiq va konstruktiv muloqot natijasida erishilganini alohida ta’kidladi.

O‘z navbatida, Siril Myuller Jahon banki guruhi prezidenti Devid Melpassning samimiy salomini yetkazib, tashkilot O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor qayd etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Muhim tarmoqlarda, jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika, neft-gaz tarmog‘i, transport va boshqa sohalarda islohotlarni davom ettirishga ko‘makni kengaytirish hamda qashshoqlikka qarshi kurashish borasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi sheriklik bo‘yicha yangi uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishga kelishib olindi.

Sarvar Anvar o‘g‘li


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

16

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing