“HG-AMMC” MCHJ  qo‘shma korxonasi qurilishiga start berildi

Biznes

image

Ma’lumki, may oyining uchinchi yakshanbasi O‘zbekiston kon va metallurgiya sanoati xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida kasb bayrami arafasida  Xitoy Xalq Respublikasining “Huigong (Hebei) Machinery Group Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda “HG-AMMC” MCHJ  qo‘shma korxonasi qurilishiga start berildi.

Qo‘shma korxonaning qurilish ishlarini boshlash tadbirida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati, “Huigong (Hebei) Machinery Group Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti va mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur qo‘shma korxona  joriy yilning yanvar oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga  rasmiy tashrifi davomida erishgan kelishuvlarning natijasidir. 

Ohangaron tumanida joylashgan korxonada  “Tog‘-kon mashinalari uchun ehtiyot qismlari ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshiriladi. 

Ushbu loyihaning qiymati 23 mln dollar bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarishning yillik hajmi 37,5 mln dollarni tashkil etadi. 

Hamkor kompaniya tomonidan tog‘-kon mashinalari uchun  282 dan ortiq ehtiyot qismlari ishlab chiqariladi. 
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar birinchi navbatda mahalliy bozordagi ehtiyojlarni qoplaydi va kelajakda eksport qilinadi

E’tiborlisi, qo‘shma korxonada 150 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib,  loyiha O‘zbekiston sanoat sohasida yangi yutuqlarga erishishga va iqtisodiyotning o‘sishiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Tadbirda OKMK rahbariyati, “Huigong (Hebei) Machinery Group Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti  va nuroniylar ishtirokida ramziy lenta qirqilib, loyihaning qurilishiga rasman start berildi.

Loyiha va kelgusidagi rejalar haqida “Huigong (Hebei) Machinery Group Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti Sun Silin shunday dedi: Nimaga biz O‘zbekistonni tanladik, degan savolga javob beradigan bo‘lsam, eng avvalo, yurtingizda investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatlik hamkorlik aloqalarining yildan-yilga rivojlanib borayotganligi ham muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi har ikki tomon o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamladi. O‘zbekiston O‘rta Osiyoning markazida joylashganligi, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilganligi ham bizni qiziqtiradi. Ushbu loyiha hamkorligimizning birinchi navbati hisoblanib, bugun OKMK rahbariyati bilan yaqin istiqbolda amalga oshiradigan boshqa loyihalar bo‘yicha ham muzokaralar olib bordik. Bugun start berilgan loyiha o‘ylamanki, har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi.

OKMK Axborot xizmati


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing