G‘o‘zapoyalar uvol bo‘lmasin deb, maktabda o‘quvchi qizlarga non yopish o‘rgatilmoqchi
Jamiyat
−
01 mart 2023 11744 2 daqiqa
Sirdaryo tumani hokimi Botirjon Mirzaqulov maktablarda o‘quvchi qizlarga “Hayot maktabi”dan dars o‘tilib, ularga non yopishni o‘rgatish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda “Sirdaryo sadosi” Telegram kanalida video e’lon qilindi.
“O‘quvchi qizlarimizni haftada bir kun hayotga o‘rgatish kuni bo‘ladi. Bir kun 5 soat non pishirish o‘rgatiladi, qanday qilib un, qanday qilib suv qo‘shiladi, qancha sut qo‘shiladi, qanday qilib tandirga yopiladi. Oxirida shu sinfda o‘qigan 10 qiz, o‘zlari pishirgan nonlardan uyiga olib ketadi. Bir kun osh pishirish o‘rgatiladi, bir kun qatlama, bir kun manti pishirishadi. Pazandachilik o‘rgatiladi”, degan Botir Mirzaqulov.
Hokim bunga sabab sifatida esa dalalarda g‘o‘zapoyalarning qolib ketayotganini ko‘rsatgan.
“O‘sha joyda men to‘rtta ayoldan so‘radim, oxirgi marta qachon non yopdingiz desam, to‘rtta ayol ham 5-10 yil avval non yopgan ekan... “Uje” non yopmaydigan bo‘lib ketishibdi. “Uje” u avlod non pishirishni o‘rgatadigan avlod yo‘qolib borayapti-da, kamayib borayapti. Dalada hamma g‘o‘zapoya qolib kettiku bu yil, hamma non sotib olishga o‘tdida, non pishiradigan odamlar kamayib ketib, dalalarda g‘o‘zapoyalar ham qolib ketayapti”, deya ayrim xotin-qizlarning tandirda non yopmayotganidan noligan hokim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryoda o‘quvchi qiz maktabga yo‘l uzoqligi sabab qayiqda qatnayotgani haqida xabar bergan edik.
Live
Barchasi