Guruhimizda kuchli jamoalar yig‘ilgan – Ravshan Haydarov
Sport
−
06 yanvar 5143 1 daqiqa
Ertaga, 7 yanvar kuni O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo kubogining 1-turi doirasida Livanga qarshi maydonga tushadi. Ushbu o‘yin oldidan terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov matbuot anjumani ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Avvalambor, mana shu musobaqada ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Tashkiliy tomondan barchasi ajoyib, OFK hamda mahalliy tashkiliy qo‘mitaga minnatdorlik aytaman, barcha jamoalarga omad tilayman. Biz bu musobaqani yaxshi ko‘ramiz va hurmat qilamiz. Bu turnirda reytingimiz baland, har doim yuqori natijalar qayd etib kelamiz. O‘ylaymanki, bu galgi musobaqada ham munosib ishtirok etib, yuqori natijaga erishamiz.
Guruhimizda kuchli jamoalar yig‘ilgan. Ularning tajribalari va imkoniyatlarini bilamiz. Yosh tarkib bilan ishtirok etishimizga qaramay, men jamoamizga ishonaman. Futbolchilar bilan suhbatda bu turnir ularga ko‘prik vazifasini o‘tab berishini aytib o‘tdim”, deydi Ravshan Haydarov.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni mezbonligidagi musobaqada O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Livan, Eron va Janubiy Koreya terma jamoalari bilan birga “S” guruhidan joy olgan. O‘zbekiston musobaqadagi ilk uchrashuvini ertaga, 7 yanvar kuni Livanga qarshi o‘tkazadi. Keyingi bahslar esa joriy yilning 10 va 13 yanvar kunlariga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Osiyo kubogida ishtirok etuvchi yakuniy tarkibi e’lon qilingan edi.
Live
Barchasi