Gulnora Karimova tanqidiga uchragan, Rossiyada oligarxga aylangan kichik Komilov haqida nimalar ma’lum?
Tahlil
−
05 mart
48174O‘tgan haftada “O‘zbekneftgaz”ga tegishli 78 ta “zapravka” hamda “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” sobiq Tashqi ishlar vaziri amalda Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili bo‘lib faoliyat yuritayotgan 76 yashar Abdulaziz Komilovning 52 yoshli o‘g‘li Doniyor Komilovga qarashli kompaniya tasarrufiga o‘tdi. 2021 yilda esa Doniyor Komilov Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq bosh binosini shubhali tarzda sotib olgan edi. So‘nggi yillarda u bilan bog‘liq xabarlar tez-tez eshitilib turgani bilan, Komilov shaxsi jamoatchilikka unchalik tanish emas. Xo‘sh, shu kunga qadar Doniyor Komilov qanday faoliyat bilan shug‘ullangan? U haqida nimalar ma’lum?
Rossiya fuqaroligi va Rossiyadagi faoliyat
O‘zbekistonning sobiq Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li, O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi rahbari Sharof Rashidovning nabirasi (qizi Gulnora Rashidovaning o‘g‘li) – Doniyor Komilov 1972 yilda tug‘ilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Rossiya fuqarosi hisoblanadi. Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2014 yilda X (Twitter)dagi sahifasida Doniyor Komilov bir paytning o‘zida ham O‘zbekiston, ham Rossiya fuqarosi ekanini, bu esa qonunchilikka zidligini tanqid qilib chiqqan edi. Gulnoraning so‘zlariga ko‘ra, Doniyor Rossiyaning “Gazprombank”idagi faoliyati davrida bank pullarini o‘margan va bu ishi ma’lum bo‘lgach, Shveysariyaga qochib ketgan.
Mutaxassisligi bo‘yicha kichik Komilov iqtisodchi, Moskva Xalqaro munosabatlar instituti va Moskva Davlat universitetlarini tamomlagan. Ba’zilar Doniyor Komilov oligarx Alisher Usmonovning qo‘llovi bilan Rossiyada pul va obro‘-e’tibor orttirgan, deb aytadi.
“Forbes.ru” nashrining yozishicha, Doniyor “Gazprombank”ning birinchi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan va bankka qarashli “OMZ” mashinasozlik xoldingi va uning sho‘’ba korxonalari direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan.
2022 yilga kelib, Doniyor Rossiyada birinchi, dunyo bo‘yicha to‘qqizinchi raqamli eng yirik mis ishlab chiqaruvchi – Ural kon-metallurgiya kompaniyasi (UKMK)ning yangi benefitsiar egasiga aylandi. O‘sha yili UKMK bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy aktivlarning umumiy daromadi “Kuzbassrazrezugol”, “Ugol-Trans” logistika kompaniyasi, “Rosterminalugol” va “Vostochniy porti” bilan birga deyarli 890 milliard rubl 7,1 milliard dollarni tashkil etgan, umumiy sof foyda 190 milliard rubl (15 million dollar)dan oshgan.
Aslida, Doniyor Komilovning Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalari talaygina. Xususan, u “Selena”, “KTS”, “VLK”, “Xolding Invest”, “Glomaks” MCHJlarining ta’sischisi hisoblanadi.
O‘zbekiston energetik sanoatiga bo‘lgan qiziqish
2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning asosiy ko‘mir aktivi “O‘zbekko‘mir” AJning 45 foiz ulushi Rossiyaning “Progressgortex” MCHJ nazoratiga o‘tishi haqidagi Qaror loyihasini e’lon qildi. “Progressgortex” MCHJning ta’sischilari Nikolay Gennadevich Emelyanov hamda Doniyorga tegishli “Selena” MCHJ hisoblanadi. “Selena” MCHJni esa, Doniyor Komilov Nikolay Emelyanov bilan birga tashkil etgan.
O‘zbekistonning asosiy ko‘mir aktivi rossiyalik milliarderlar qo‘liga o‘tishi ko‘pchilikni tashvishlantirdi. Keyinchalik Prezident Qaroriga o‘zgartirish kiritildi va “O‘zbekko‘mir” AJ ulushlari “Progressgortex”ga berilmaydigan bo‘ldi.
Shuningdek, Doniyor Komilovning “Progressgortech-Asia” nomli kompaniyasi ham mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya O‘zbekiston aeroportlariga aviakerosin yetkazib berish bilan shug‘ullanadi, O‘zbekistonning 9 ta aeroportida faoliyat yuritadi.
Bir necha kun avval “O‘zbekneftgaz”ning 78 ta AYOQSHini nazorat qiluvchi “UNG Petro”ning 100 foizlik ulushi Doniyor Komilovga tegishli, ochilganiga hali bir yil ham bo‘lmagan kompaniyasi – “Petroleum Technology Group”ga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Qiziq tomoni shundaki, ustav fondi 265 milliard so‘mni tashkil etadigan kompaniyani ustav fondida 101 million so‘m bo‘lgan “Petroleum Technology Group” MCHJ sotib olgan. Yanada ajablanarlisi, na Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va na “O‘zbekneftgaz” davlat tasarrufidagi “zapravka”larning qachon va qanchaga sotilgani haqida xabar berdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ ham xususiylashtirilgani, xaridor esa yaqinda “UNG Petro” AYOQSHlarini xarid qilgan “Petroleum Technology Group” MCHJ ekani aniqlandi. Ushbu oldi-sotdi ishi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ham rasmiylar ochiqlamadi.
Komilovning O‘zbekistondagi biznes faoliyati
Rossiya nashlari Doniyor Komilovni rossiyalik oligarx deb ataydi. Lekin rus manbalarida ham, o‘zbek manbalarida ham Komilovning qancha boyligi borligi haqida ma’lumotlar yo‘q. Faqatgina uning ko‘plab kompaniyalari mavjudligi va unga tegishli biznes kompaniyalari so‘nggi yillarda O‘zbekiston bozoriga faol ravishda kirib kelayotgani ma’lum.
2022 yil fevral oyida Doniyor Komilovning kompaniyalaridan biri “First Premium Alliance” O‘zbekistondagi eng yirik spirtli ichimliklar zavodi – Qo‘qon biokimyo AJni 277 mlrd so‘mga xususiylashtirdi. 2020 yilning dekabr oyida tashkil topgan “First Premium Alliance” alkogolli mahsulotlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanadi.
Doniyor Komilovga tegishli yana bir kompaniya – “Metropol Group” MCHJ 2021 yilning iyun oyida Toshkent shahri Sayilgoh ko‘chasida joylashgan DXXning sobiq markaziy binosini 210 milliard so‘mga sotib oldi. Bino o‘sha vaqtda Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatida turardi. Uning sotilishiga jamoatchilik norozilik bildirishiga qaramay, bino sotildi. Oradan ikki kun o‘tgach, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan bino Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarib yuborildi. Bino hozir butunlay buzib yuborilgan, uning o‘rnida “Radisson Collection Hotel” mehmonxonasi quriladi.
Yillardan buyon qabul qilinmay kelayotgan “yetim” qonun
Butun boshli mamlakatda korrupsiyaning asosiy sababi deb ko‘rsatilayotgan va qarindosh-urug‘chilikka chek qo‘yishi mumkin bo‘lgan muhim qonun hali imzolanmadi. “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun 2022 yilning 25 oktyabr kuni qabul qilinib, Senatga yuborilgan edi. 2023 yilning 1 iyun kuni Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullandi va Davlat rahbariga imzolash uchun yuborildi. Shu bilan uning taqdiri hozirgacha noma’lum bo‘lib qolmoqda. Balki, “yetim” qonunimiz qabul qilinib, kuchga kirganda O‘zbekistondagi yirik ob’ekt va tarmoqlar amaldorlarning qarindoshlari yaqinda tashkil etgan kompaniyalari qo‘liga bu kabi sirli tarzda o‘tib qolmasmidi?!
Yana bir muhim tashabbus qog‘ozda qolib ketmoqda: Prezident Farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi ham joriy etilishi belgilangandi.
Biroq, haligacha bu qonundan darak yo‘q. “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak edi. Agentlikning QALAMPIR.UZ’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, IIV, DSQ, Oliy sud, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Markaziy bank bilan dastlabki va idoraviy kelishuvlardan o‘tkazilib, ularning takliflari asosida takomillashtirilgan. Qonun loyihasi 2021 yilning 1 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Agar loyiha kiritilgan bo‘lsa, oradan mana ikki yarim yil vaqt o‘tib ketdi. Afsuski, hozirgacha bu qonunning daragi chiqqani yo‘q.
Imkoniyati borlar esa, qonun qabul qilinib O‘zbekistonda korrupsiyaga bog‘liq lazeykalar yopilguniga qadar davlat aktivlarini o‘z foydasiga xususiylashtirib olishga harakat qilmoqda.
Mohinur Mamatova
LiveBarchasi