Sud-huquq tizimida olamshumul o‘zgarishlar kutilmoqda (to‘liq ro‘yxat)
Jamiyat
−
01 iyul 2020
12390Avval xabar berganimizdek, kecha, 30 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi
Yig‘ilish natijalariga ko‘ra quyidagilar amaliyotga tadbiq etiladi:
Bundan buyon deputat va senatorlar o‘zlari saylangan hududlarda sudyalar korpusi, sektor rahbarlari va jamoatchilikni jalb qilgan holda Odil sudlovga ko‘maklashish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muntazam ravishda muloqotlar o‘tkazib boradilar.
Aholi tomonidan ko‘tarilgan adolatsizlik holatlari va muammolar har chorakda mahalliy kengashlarda tanqidiy muhokama qilinib, mutasaddilar oldiga aniq savollar qo‘yiladi va mas’uliyatiga baho berib boriladi.
Oliy Majlisdagi maxsus qo‘mitalar har bir hududning odil sudlov va korrupsiya masalalariga oid reytingi yuritilishiga bosh-qosh bo‘lib, har yarim yilda natijalari bo‘yicha parlament eshituvlari va tekshiruvlarini o‘tkazib boradi.
“Inson qadr-qimmati - eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli bo‘yicha barcha huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlarini o‘qitish vazifasi yuklatildi.
Mutasaddi idoralarga Tergov institutini tashkil etish, tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish, sohaga ilg‘or tajriba va standartlarni joriy etish vazifalari qo‘yildi.
Tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib o‘tirmasdan, o‘z tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi qayd etildi.
Mutasaddilarga ilg‘or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi.
Sud tizimida “nazorat tartibida ishlarni ko‘rish” amaliyotidan to‘liq voz kechiladi.
Sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga ta’sir o‘tkazuvchi barcha omillarni, shu jumladan Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqi bekor qilinadi.
Xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishni bekor qilish, umuman, davlat idoralarining bunday tashabbus bilan chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi va bu qonunda mustahkamlanadi.
Yerga bo‘lgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat’iy belgilanadi.
Advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaxassislardan 2 yil yuridik staj talab etish bekor qilinadi, talabalikdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot o‘tash tartibini joriy etiladi.
Yuridik oliy o‘quv yurtlarida “advokatlik faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanadigan bo‘ldi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushirish topshirig‘i berildi. Bu dastlab poytaxt Toshkentda eksperiment tariqasida joriy etiladi.
Oliy sudda yagona “Adolat” axborot tizimlari kompleksini ishga tushiriladi. Bunda barcha uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratiladi.
“Korrupsiyadan holi” dasturi ishlab chiqiladi. Bunda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash hamda sohalarni raqamlashtirish eng asosiy vazifa bo‘ladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holatini tahlil qilib, har yili Prezident va Oliy Majlis palatalariga milliy hisobot kiritib boradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor beriladi. Buning uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universitetida korrupsiya muammolarini o‘rganish bo‘yicha alohida o‘quv moduli, maxsus kafedra va magistratura mutaxassisligi ochiladi.
Rahbar xodimlar, ayniqsa, hokimlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
LiveBarchasi