Gucci savdosi “o‘ldi”. Brend egasi yuzdan ortiq do‘konlarni yopdi

Olam

−

image

Gucci brendining savdosi uch yildan ortiq vaqtdan beri pasayishda davom etmoqda. Brend egasi bo‘lgan “Kering” guruhi yil oxirigacha 125 ta do‘konini yopishni rejalashtiryapti. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning uchinchi choragida Gucci savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizga kamayib, 1,29 milliard yevroni tashkil etgan. Guruhning umumiy daromadi ham 1 foizga pasaygan.

Nashrga ko‘ra, Gucci savdosining pasayishiga, ayniqsa, Xitoyda xaridorlar oqimining kamayishi sabab bo‘lmoqda. Shimoliy Amerikada ham brend savdosi biroz qisqargan. Vaziyatni yaxshilash uchun kompaniya marketing va mijozlarga xizmat ko‘rsatishga ko‘proq mablag‘ sarflamoqchi.

“Kering” hozirgacha 105 ta do‘konini yopgan. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 125 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Kompaniya bosh direktori Luka de Meo “Kering”ning foyda marjasini 2025 yildagi 11,1 foizdan o‘n yillik oxirigacha ikki baravar oshirishni maqsad qilgan. Buning uchun xarajatlarni kamaytirish, savdo tarmog‘ini qisqartirish va ta’minot zanjirlarini soddalashtirish ko‘zda tutilgan.

Biroq tahlilchilar faqat xarajatlarni qisqartirish brendlarga bo‘lgan qiziqishni qayta tiklash uchun yetarli bo‘lmasligi mumkinligini aytmoqda. Xususan, Gucci ijodiy direktori Demna brendni qayta ommalashtirishga urinayotgan bir paytda kompaniyadagi bosim ham ortmoqda.

Ma’lumot uchun, “Kering” kompaniyasi Gucci, Saint Laurent va Balenciaga kabi yirik moda brendlariga egalik qiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar