Gruziyadagi ko‘mir konida kuchli portlash yuz berdi
Olam
−
31 yanvar 2022
3509Kecha, 30 yanvar kuni Gruziyaning Tkibuli shahrida joylashgan (Imereti viloyati) ko‘mir konida kuchli portlash yuz berdi. Oqibatda kamida bir kishi halok bo‘ldi, sakkiz kishi jarohatlandi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, portlash 31 yanvarga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Bir kishi halok bo‘lgan, sakkiz nafar jabrlanuvchi poytaxt shifoxonalaridan biriga yotqizilgan. Jabrlanganlardan birining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda. U badanining yuqori qismi va nafas yo‘llari kuygan holda jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
"Bir kishining jarohati juda og‘ir edi, shu sabab u bizning ko‘z o‘ngimizda halok bo‘ldi. Portlash oqibatida konchilar jarohat oldi", deydi shahar meri David Cherkezishvili.
Xabarga ko‘ra, barcha qurbonlar allaqachon Tbilisiga yetkazilgan. Ularda turli darajadagi kuyishlar bor. Fojia sabablari tergov tomonidan aniqlanadi.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, hodisa yuzasidan “Tog‘-kon, qurilish yoki boshqa ishlarni olib borishda xavfsizlik qoidalarini buzish, inson o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun, Tkibulida o‘nlab ko‘mir konlari mavjud. Ularning aksariyati “Saknaxshiri” kompaniyasiga tegishli. Boshqa kompaniyalar ham ushbu shahardagi ko‘mir konlariga egalik qiladi. Shaxtalarning asosiy qismi 2018 yildan beri bir necha kishining hayotiga zomin bo‘lgan fojialardan keyin ishlamayapti.
LiveBarchasi