Gruziyada sobiq Bosh vazir iste’fosiga sababchi bo‘lgan muxolifat lideri hibsga olindi
Olam
−
23 fevral 2021
3593Gruziyaning "Birlashgan milliy harakat" muxolifat partiyasi raisi Nika Meliya siyosiy uyushma ofisida hibsga olingan. Bu haqda "Rustavi 2" telekanali xabar berdi.
Amaliyot davomida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari "Birlashgan milliy harakat" partiyasi ofisi binosining butun atrofida ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Meliyadan boshqa bir nechta odamlar ham hibsga olingan.
Joriy yilning 17 fevral kuni Tbilisi sudi Meliyani 2019 yil iyun oyidagi tartibsizliklar doirasida 40 ming lari (12 ming dollar) garov puli to‘lamagani uchun hibsga olishga qaror qilgandi.
Meliyaning o‘zi sudning hibsga olish to‘g‘risidagi qarorini ixtiyoriy ravishda bajarishdan bosh tortganini ma’lum qilgandi.
Ushbu sud jarayoni esa mamlakatda siyosiy inqirozni keltirib chiqardi.
Vaziyat fonida Gruziya Bosh vaziri Georgiy Gaxariya hamkasblari bilan kelishmovchilik tufayli iste’foga chiqdi.
Kecha, 22 fevral kuni Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili Irakliy Garibashvilini yangi Bosh vazir etib tayinlash to‘g‘risida farmonni imzoladi.
Ma’lumot o‘rnida, "Birlashgan milliy harakat" partiyasi Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili tomonidan tashkil etilgan.
LiveBarchasi