Gretsiyada o‘rmon yong‘inlari avj oldi
Olam
−
12 avgust
1000Gretsiyaning Afina shahri shimolida katta o‘rmon yong‘inlari avj olmoqda. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Yong‘indan chiqqan qora tutunlar ko‘tarilib, olovdan 30 kilometr janubda joylashgan mamlakat poytaxtiga yetib keldi. Gretsiyaning bir qancha qishloq va shaharlari allaqachon evakuatsiya qilingan.
Bir qator mahalliy OAV yong‘in tufayli binolarning vayrongarchiligi yoki shikastlanishi haqida ma’lumot bermagan holda, yong‘indan chiqqan ko‘plab zaharli tutun qurbonlari shifoxonaga yotqizilganini yozgan. Shu bilan birga, televideniye muxbirlari o‘nlab uylar yonayotganini ko‘rganini ma’lum qildi. Ba’zilarida odamlar olov yaqinlashayotganiga qaramay, uylarini tark etishdan bosh tortgan va o‘z mulklarini saqlab qolishga harakat qilgan.
O‘t o‘chirish brigadasi vakilining Gretsiya radiosiga ma’lum qilishicha, olov balandligi 25 metrdan oshgan, 29 ta o‘t o‘chirish samolyoti va vertolyotlari ishga tushirilgan, yong‘inni o‘chirishga 110 ta texnikada bir necha yuz nafar o‘t o‘chiruvchi va ko‘plab ko‘ngillilar jalb etilgan.
Mamlakat fuqaro mudofaasi xizmati vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda vaziyat o‘ta xavfli bo‘lib qoladi. Gretsiyaning aksariyat hududlarida bir necha oydan beri normal yog‘ingarchilik kuzatilmayapti. Mamlakat g‘arbida eng kuchli jazirama kutilmoqda va 15 avgustga qadar bunday ob-havo sharoiti o‘rmon yong‘inlariga sabab bo‘lishi mumkin.
Tarixdagi eng issiq qishdan so‘ng, Gretsiyada 1960 yildan beri 2024 yilda iyun va iyul oylari juda issiq kechdi va bu o‘rmon yong‘inlariga turtki bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chilidagi o‘rmon yong‘inlari oqibatida kamida 99 kishi halok bo‘lgani, Turkiyadagi yirik o‘rmon yong‘inlari oqibatida esa 10 dan ortiq kishi qurbon bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi