Golden House direktori ochiq xatga o‘z izohini berdi

Jamiyat

image

“GOLDEN HOUSE DEVELOPMENT” MJCHning bosh direktori Davron Fayzimatov Yunus Rajabiy mahalla aholisining mass-mediada joylashtirgan ochiq xatiga izoh berdi.

Davron FayzimatovDavron Fayzimatov

Yunus Rajabiy mahalla aholisi Prezidentga ochiq maktub yo‘lladi, unda quruvchining, ya’ni “UNIQUE TRADE BUSINESS” hamda amalga oshirilgan ko‘p milliardli developerlik loyihalari portfeliga ega professional kompaniyaning “noqonuniy harakatlari”dan “himoya” so‘radi. 

Bu chiqishni e’tiborsiz qoldirish mumkin edi, ammo uning bir qismi bizni ranjitdi: “UNIQUE TRADE BUSINESS” MJCH tomonidan noqonuniy harakatlar va belgilangan Qonun me’yorlarini buzish jamiyatning salbiy qutblanishiga sabab bo‘lishi, siyosiy va ijtimoiy institutlarga, hukumat tashkilotlari va organlariga ishonchsizlik paydo qilishi, aholi orasida norozilik kayfiyatining vujudga kelishi va ortishiga sabab bo‘lishi mumkin. 

Keling, Yunus Rajabiy mahallasi aholisi aslida nimaga qarshi chiqmoqchi ekanligini va, fikrimcha, “ishonchsizlik” va “norozilik kayfiyatining ortishi” bilan qo‘rqitgan holda hukumatga tom ma’noda po‘pisa qilayotganini ko‘rib chiqamiz. Men buni manipulyatsiya (nayrang) va ikkiyoqlama standart, deb baholayman. Negaki, gap xususiy mulk va undan foydalanish huquqi haqida ketmoqda.

Turar joy majmuasi qurilishi rejalashtirilayotgan bino va uning hududi xususiy mulk sifatida xarid qilingan. U yerda sobiq Toshkent teatr va rassomlik institutining tashlandiq binosi va uning xo‘jalik inshootlari bo‘lgan. Bizga qurilish uchun alohida yer uchastkasi ajratilmagan, biz qonunchilik me’yorlariga muvofiq binoni xarid qilganmiz.

Biz hech narsani buzganimiz, olib qo‘yganimiz yo‘q. Bizning harakatlarimizdan hech kim zarar ko‘rgani yo‘q.

Biz hududdagi ko‘p yillik chinorlarni kesish niyatimiz yo‘q. Chunki bu bizning aktivimiz va bu yerda sabab moratoriy bo‘lganida emas, balki har qanday turar joy majmuasiga o‘simliklar kerak. Biz faqatgina yosh archalarni boshqa joyga o‘tkazishni rejalashtiryapmiz, bu daraxtlar joylashuvi hisobga olingan loyihaga muvofiq amalga oshiriladi.

Hudud – qonunga muvofiq va shaharsozlik me’yorlariga ko‘ra, biz ko‘p qavatli bino qurishimiz mumkin bo‘lgan va bunga huquqimiz bo‘lgan xususiy mulkdir.

Biz mavjud kanalizatsion va elektr tizimlarini yuklantirmaymiz, turar joy majmuasi uchun alohida infratuzilma yaratamiz.

Mahalla aholisining yagona amal qiluvchi shikoyati – yuqori qavatlar derazalaridan ularning hovlilari ko‘rinib turishi va bu shikoyat hech qanday tanqidga bardosh berolmaydi. Xususiy sektor bilan chegaradosh holatda qurilgan shahardagi yuzlab binolar derazalaridan nima ko‘rinsa, turar joy majmuasining yuqori qavatdagi derazalaridan ham xuddi shu narsa ko‘rinadi. Ya’ni tomlar va daraxtlarning shox-shabbalari. O‘zgalarning hovlisini batafsil o‘rganish istagi bo‘lsa, buni Google Earth yordamida ham amalga oshirish mumkin va men bu yerda nima deyishni ham bilmayman. Zamonaviy shahar uylarni bir-biridan yarim kilometr uzoqlikda qurish imkonini bermaydi. 

Yunus Rajabiy mahallasining narigi tarafida joylashgan to‘qqiz qavatli turar joy binosi hech qanday savollar tug‘dirayotgani yo‘q

Aholi “noqonuniy” va “huquqlarga zid” deb atayotgan barcha narsalar o‘zining ruxsat va hujjatlariga ega. Hamma hujjatlar barchaga ko‘rishi uchun taqdim etilgan, buning ustiga bizning jamoa va shaxsan men bir necha bor aholiga qurilish loyihasi bilan batafsil tanishish imkoniyatini taqdim etish uchun mahalla faollari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ishtirok etganmiz. Ammo aholi u bilan tanishishni afzal ko‘rmadi, loyiha bilan ularning manfaatlarini ifoda etuvchi advokat tanishdi. Bunda hech qanday ortiqcha savollar paydo bo‘lmadi, ularning bo‘lishi ham mumkin emasdi. Aks holda aholi ochiq xat yozib o‘tirmay, shunchaki sudga murojaat qilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Muammo shundaki, sudga murojaat qilish uchun hech qanday asos yo‘q – ko‘rib chiqiladigan masala yo‘q.


Yunus Rajabiy mahallasi hududida ayni damda faol qurilish ishlari ketmoqda va faqatgina kam qavatli binolarning qurilishi emas.

Biroq, men boshqa narsa haqida gapirmoqchiman. Mening ko‘plab hamkasblarim quruvchi kasbi uchun achinishadi. Shaharda ketayotgan o‘nlab qurilishlar qonun buzilishisiz amalga oshirilmoqda. O‘nlab qurilish kompaniyalari mulkdorlardan turar joylarini sotib olmoqdalar, ularga to‘liq miqdorda badal to‘lamoqdalar va ularning yashash sharoitlarini yaxshilab bermoqdalar. Bular haqda yozilmaydi, negaki yaxshi narsalar haqida ko‘pincha gapirilmaydi. Ehtimol, bu shunday bo‘lishi kerak hamdir. Uylarni quruvchilar – bir narsani, ya’ni bino qurishni yaxshi eplaganlar va bu ishni sevgan insonlargina bunday og‘ir yukni gardaniga olishi mumkin. Bu tashqaridan ko‘ringanidek oson biznes emas. Bu ulkan javobgarlik va bu yerda kuchli professionalizm talab qilinadi. 

Biroq, ming afsuski, so‘nggi vaqtlarda dabdurustdan qurilishni pul topishning oson yo‘li, deb o‘ylagan va kerakli bilimlarga ega bo‘lmagan holda keng qamrovli qurilish ishlarini boshlab yuborayotgan tadbirkorlar tomonidan quruvchilik kasbining nufuzi va ahamiyati tushirib yuborildi. Ular kechagina bozorlarda ulgurji savdo bilan shug‘ullanib yurgan edilar, bugun esa odamlarni oz-ozdan ham, yirik miqdorda ham aldashga uringan holda uylar qurmoqdalar. Shu bois ham mazkur sohada tartib o‘rnatishni istagan hukumatimizning bu boradagi hal qiluvchi qarorlarini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlayman. Ishonamanki, boshqa quruvchilar ham xuddi biz kabi sohada amalga oshiriluvchi munosib o‘zgarishlarni sabrsizlik bilan  kutmoqdalar.

Ammo, afsuski, hozirgi kunda qurilish bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday shov-shuvli voqealar kishilar tomonidan juda salbiy qabul qilinmoqda. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, jamiyat an’anaviy ravishda har qanday qurilish kompaniyasiga shubha ko‘zi bilan qaraydi va shuning uchun ham qo‘lidan kelgancha qarshilik ko‘rsatishga urinadi.

Tashlandiq binoni buzishdan va ushbu mahallada qurilish ishlariga tayyorgarlik ko‘rishdan avval biz bo‘lajak qo‘ni-qo‘shnilar bilan suhbatlashib, ularning barcha xohish-istaklarini inobatga olishga harakat qildik. Boisi, asosiy maqsadimiz ham qurilish vaqtida mahalla aholisining tinchligini maksimal darajada saqlab qolish edi. Qurilish jarayoni vaqtida muloqotga kirishgan hududning barcha aholisining hohish-istaklarini qayd etib bordik. Shuningdek, mavzuga doir barcha kerakli hujjatlar va ruxsatnomalar va loyiha materiallarini ularga tanishtirib bordik. Biz chindan ham qo‘shnilar bilan tinchlikni saqlab qolishni istagan edik, garchi buni bizdan Shaharsozlik kodeksi talab qilmasa ham. Ta’kidlash joizki, mazkur kodeksning yangi nashrida qo‘shnilarning roziligi, albatta, talab qilinadi, ammo bu jihat qurilishi boshlangan loyihalarga taalluqli bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, yaxshi niyatda hudud aholisi bilan murosaga borishga urindik. 

Afsuski, bu borada qilgan barcha sa’y-harakatlarimiz natija bermadi va Yunus Rajabiy nomidagi mahalla fuqarolari biz emas, boshqa bir kompaniya tomonidan yutqazilgan “ish”ni eslab, kutilmaganda bizga qarshi “axborot urushi” e’lon qildi. Nazarimda, ushbu harakatning o‘ziyoq hozirgi sharoitda quruvchi kompaniyalarning sudlarda ishni yuz foizga yutishlari uchun yetarli imtiyoz va aloqalarga ega emasligining yaqqol isbotidir. Agar qo‘lingizda arzirli sabab va dalil bor bo‘lsa va siz da’vo ochmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, da’vo oching, faqat "ularda hammasi oldindan sotib olingan" singari asossiz va ikkiyuzlamachi ayblovlarsiz sudga murojaat qiling.

Bundan tashqari, men yana bir narsani anglab yetdimki, vijdonli qurilish tashkilotlari bilan bo‘lgan adolatsiz janjallar oqibatida ularning bozordan chiqib ketishiga va bozorni quruvchi tadbirkorlar egallab olishiga aholining o‘zi ham sababchi bo‘lib qolmoqda. Ko‘rib turganingizdek, aksariyat hollarda quruvchi tadbirkorlarning hech biri aholining xohish-istaklari va manfaatlari bilan hisoblashib o‘tirmaydi. Bundan ham yomoni esa qurilish jarayonida xavfsizlik talablariga umuman rioya etmaydi va yangi kommunikatsiya vositalari ham qurmaydi. Albatta, bunday kishilarga qarshi kurashmaslik fikridan yiroqman, bundaylar bilan kurashish zarur va bu borada men ham sizlar bilan hamfikrman. Biroq "norozilik kayfiyatiga" ko‘r-ko‘rona qo‘shilishdan avval haqiqat va qonun kim tarafida ekanligini aniqlashga harakat qiling. Eng muhimi, qarshingizda tadbirkormi yoki quruvchimi, shu masalada to‘g‘ri xulosada ekanligingizga amin bo‘ling.

VIEW turar joy majmuasi tashlandiq binolar o‘rnida quriladi

Shaharga markazdagi eskirganidan nurab yotgan institut binosi kerak emas. Biznes nuqtai nazardan esa, biz u yerda oddiy bog‘ yaratish bilan cheklana olmaymiz yoxud barchasini boricha qoldira olmaymiz.

Yurtimizda madaniyatli qurilishning amal qilishi uchun muzokaralar olib borishni va murosaga kelishni va munosabatlarni barpo etishni o‘rganishimiz lozim.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

152

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing