“Goal” Husanov haqida katta maqola e’lon qildi
Sport
−
19:58 7346 7 daqiqa
Angliyaning nufuzli “Goal” nashri O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” himoyachisi haqida maqola e’lon qildi. Quyida maqolaning tarjimasi keltirilgan.
“Manchester Siti” Angliya Liga kubogi finalida “Arsenal” ustidan g‘alaba qozongandan so‘ng jamoaning charchagan muxlislari Londondan Manchesterga qaytishida “Avanti West Coast” poyezdida birgina ismni takrorlar edi. Lekin bu ism ularning mahalliy yulduzi Niko O’Rayli emas edi. “Abduqodir Husanov qanchalik ajoyib o‘yinchi?”, yana biri “U haqiqiy ajdarho!” deya so‘zlar edi.
Shu tariqa “Siti” muxlislari avval ko‘p ko‘zga tashlanmagan, ammo maydonda qat’iyatli va ishonchli o‘yin namoyish etayotgan o‘zbekistonlik himoyachini jamoaning yangi qahramoni sifatida qabul qila boshladi. Poyezd shimolga qo‘zg‘alganda muxlislar hali ham hayajonda edi va birining aytishicha:
“O‘zbeklar uni yaxshi ko‘radi, ular uchun u Garet Beyl kabi”.
Shuningdek, ushbu iqtidorli futbolchini “Lans”dan 2025 yil yanvarda 31 million funtga “Siti”ga olib kelgan skautlarga ham hurmat bildirildi:
“Qanday ajoyib ish qilgan skautlar!”
Haqiqatan ham, Husanov “Siti”ning 180 million funt sarf qilingan 2025 yil yanvardagi qishki transfer oynasidagi eng yaxshi xaridi bo‘lib, klubda 13 yil xizmat qilgan Tiki Begiristayn tomonidan amalga oshirilgan eng oqilona kelishuvlardan biri bo‘lishi mumkin.
Husanov “Lans”da faqat 31 ta o‘yinda ishtirok etgan edi va “Siti” uning potensialini payqagan vaqtda bu raqam yanada kam bo‘lgan. Uning transferi “Siti”ning skautlar tarmog‘i orqali hamkorlik natijasida amalga oshirildi, chunki Fransiyadagi skautlar Husanovni o‘yinda ko‘rishdi va u yosh, salohiyatli va kelajakda katta natijalarga erishishi mumkin bo‘lgan futbolchi ekanligini anglay olishdi.
U maydonda juda faol harakat qilardi va bu “Siti”ning butun skautlarida katta taassurot qoldirdi. Uni “Siti”dan tashqari “Nyukasl”, “Real Madrid” va “Manchester Yunayted” kabi klublar ham o‘z safida ko‘rmoqchi bo‘ldi, ammo “shaharliklar” o‘zbekistonlik futbolchini “begona qilmadi”.
Husanovda ingliz futbol muxlislari yoqtirgan barcha sifatlar bor: tezlik, agressiya, kuch va ishtiyoq. Va ular uchun “Siti” o‘yinda qiyin vaziyatga tushganda, Husanovning raqibni quvib yetib, to‘pni qaytarib olish uchun hujum qilishidan ko‘ra hayajonliroq manzaralar kamroq bo‘lgan.
O‘zbekistonlik futbolchi finalning dastlabki daqiqalarida Kay Xaversning ortidan quvib yetib, to‘pni qaytarib olganida muhim lahzalardan birini taqdim etgan bo‘lsa, keyinchalik Husanov Viktor Dyokereshga eng ko‘p qiyinchiliklar tug‘dirishi bilan “Siti” muxlislarini xursand qildi.
“Shaharliklar”ning “Real”ga qarshi o‘tgan o‘yinida Husanov “Siti” muxlislariga o‘zining hozirda mashhur bo‘lgan tezligini namoyish etib, Vinisius va Braim Diasni quvib o‘tdi. Shuningdek, u fevral oyida “Siti”ning “Liverpul”dagi ajoyib g‘alabasida katta rol o‘ynadi va Muhammad Saloh hamda Ugo Ekitikening zarbalarini to‘xtatib, keyin miya chayqalishi bilan maydonni tark etishga majbur ham bo‘ldi.
Husanovning tezkorligi uning eng katta yutug‘i. Yaqinda “CIES Football Observatory” uni Chempionlar Ligasidagi eng tezkor markaziy himoyachi deb atadi. Shuningdek, u 90 daqiqada o‘rtacha 17,85 marta tezkor yugurish amalga oshiradi va bu APLdagi markaziy himoyachilar orasida eng yuqori ko‘rsatkich.
Husanovning “sprinter”ligi Pep Gvardiola uchun qadrli hisoblanadi, chunki murabbiy jamoasining yuqori himoya chizig‘ida o‘ynashni yanada rivojlantirmoqda, ayniqsa o‘tgan yoz Yurgen Kloppning sobiq yordamchisi Xosep Laynders jamoaga kelgandan beri bu ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.
Gvardiola bir necha bor Husanovning “juda tezkor” ekanini aytgan, shuningdek u yosh futbolchining futboldagi aql-zakovatini ham ta’kidlagan:
“Odatda futbolchida jismoniy qobiliyat bo‘lsa, bu uning bosh bilan o‘ynashi shart emasligini anglatadi. Unda ikkalasi ham bor”.
Ruhiy barqarorlik
Husanovda yana bir e’tiborga arziydigan jihat bu uning ruhiy barqarorligi. U “Siti”dagi o‘zi uchun juda og‘riqli bo‘lgan debyut o‘yinidagi holatidan chiqa oldi. Abduqodir “Chelsi”ga qarshi debyut o‘yinida golga sabab bo‘lgan xatoga yo‘l qo‘ydi, u Nikolas Jekson bilan havodagi kurashda noto‘g‘ri chiqib keldi va keyin to‘pni darvozabon Edersonga qaytarmoqchi bo‘ldi, biroq zarba kuchsizligidan Jekson to‘pni ilib ketdi va Maduekeni gol urish uchun qulay vaziyatga olib chiqdi, angliyalik futbolchi bu vaziyatda adashmadi. Oradan bir daqiqa o‘tib Husanov Koul Palmerga qarshi qo‘pol o‘ynab, sariq kartochka ishlab oldi. Keyin o‘zini qo‘lga olib, Jeydon Sanchoning gol urishiga to‘sqinlik qildi. Biroz o‘tib Husanov yana bir ehtiyotsizlik orqali maydondan chetlatilishiga sal qoldi, Gvardiola esa ehtiyot chorasi sifatida ikkinchi bo‘lim boshida uni zaxiraga oldi.
U “Siti” muxlislari tomonidan olqishlandi, ammo bu hammasidan ko‘ra hamdardlik hissi edi. “Sky Sports” sharhlovchisi Gari Nevill sharhda “Abduqodirning yig‘lagisi kelganini” aytdi.
E’tibor markazidan tashqari
Yosh futbolchi uchun oson bo‘lgani yo‘q: u Chempionlar Ligasida “Real Madrid”ga qarshi debyutida Kilian Mbappe va Vinisius qarshi o‘ynadi. Angliya terma jamoasi sobiq darvozaboni Pol Robinson “Husanov huddi qo‘lga tushgan quyondek bo‘lib qoldi”, degandi. Bir oydan so‘ng, u “Brayton” bilan uydagi durang o‘yinida o‘z darvozasiga gol urdi. Bu 2024-25 mavsumida Husanovning oxirgi liga o‘yini bo‘ldi va u “Siti” uchun oxirgi o‘yinlarida umuman maydonga tushmadi. Shuning uchun u bilan bir vaqtda kelgan va deyarli bir xil transfer narxiga ega bo‘lgan Vitor Reys yozda “Jirona”ga ijaraga berilganda Husanov ham vaqtincha boshqa klubda o‘ynaydi degan fikr paydo bo‘ldi. Ammo u mavsumlar oralig‘idagi tanaffus vaqtidan oqilona foydalanib, har hafta to‘rt soat ingliz tilini o‘rgandi.
“U Uilyam Shekspir kabi gapirmaydi, ammo yaxshilanib bormoqda”, degandi Gvardiola yaqinda uning ingliz tilisi haqida gapirib.
Shuningdek, Pep “u nima xohlayotganimizni tushunadi va har doim yaxshilanib bormoqda. U juda aqlli. Menimcha, u yanada rivojlanishi mumkin. Men “Manchester Siti” ko‘p yillar davomida jamoaga yordam beradigan yaxshi markaziy himoyachiga ega ekanligini aniq ayta olaman”, deya qo‘shimcha qilgandi.
Sifat va himoyadagi universallik
Yil boshidagi o‘zgarishlardan so‘ng “Siti”ning markaziy himoyasida raqobat yanada kuchaydi: Ruben Diash, Mark Gehi, Yoshko Gvardiol (xorvat futbolchi yanvardan beri jarohat tufayli maydonga tusha olmayapti) va Husanov. Asosiy savol shundaki, Gvardiola yoki uning o‘rniga keladigan kim bo‘lsa ham qaysi ikkilikni ustun ko‘radi. Husanov va Diashnimi, yoki yaqinda jamoaga qo‘shilgan Gehini asosiy juftlikda o‘ynatadimi. Gvardiol jarohat olguncha markazda o‘ynagan, ammo u chap qanotda ham katta tajribaga ega bo‘lgani uchun qolgan uch himoyachi jarohatda bo‘lmasa chap qanotda ham tushishi mumkin. Husanov o‘ng qanotda ham o‘ynay oladi. U sentyabr oyida “Manchester Yunayted”ga qarshi 3-0 hisobidagi g‘alabada bu pozitsiyada samarali harakat qildi, ammo “Real Madrid”ga qarshi ilk uchrashuvda unchalik yaxshi o‘ynay olmadi. “Siti” har mavsumda 60 va undan ortiq o‘yin o‘ynashga odatlangan, shuning uchun ularga barqaror va bir nechta nuqtalarda harakat qila oladigan himoyachi zarur. Husanov ularga barcha frontlarda kurashda katta yordam berishi aniq.
Kompasga qiyoslash
Husanovga maqtanish begona tuyg‘u va har bir o‘yinda maydonga tushmasa ham shovqin-suron ko‘tarmaydi. Gvardiola aytadiki, u uchrashuvlarga hatto shampun va sumkasini ham olib bormaydi, uning yagona maqsadi maydonda yaxshi o‘ynash. O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Husanovni milliy terma jamoaning eng aqilli o‘yinchilaridan biri sifatida ko‘rishini aytdi va atigi 22 yoshli futbolchini yetakchi bo‘lishga arziydigan futbolchi deb atab, uni yo‘l ko‘rsatuvchi kompasga qiyosladi.
Husanov kam gapiradi, lekin maydondagi harakatlari orqali hammaga o‘z salohiyatini ko‘rsatadi. Poyezddagi “Siti” muxlislari o‘zlarining chaqaloq yuzli qotillaridan yana ko‘plab yoqimli lahzalarni kutishlari mumkin.
Ramazon Usanov
Live
Barchasi