Global qarz miqdori rekord darajaga yetdi
Olam
−
16 Sentabr 2021
8647Joriy yilning ikkinchi choragida global qarz miqdori qariyb 300 trillion dollarga yetib, tarixiy rekord qayd etildi. Shuningdek, pandemiya boshlanganidan beri iqtisodiy o‘sish tufayli birinchi marta global qarzning YAIMga nisbati kamaydi. Bu haqda Xalqaro moliya instituti ma’lumotlariga asoslanib “Reuters” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, hukumatlar, banklar, korporatsiyalar va uy xo‘jaliklarining qarzlari hisobga olinganda global qarz 4,8 trillion dollarga oshib, 296 trillion dollarga yetgan. Bu koronavirus pandemiyasi boshlanishidan oldingi davrga nisbatan 36 trillion dollarga ko‘pdir.
“Agar qarz olish shu sur’atda davom etsa, global qarz 300 trillion dollardan oshib ketishi mumkin”, degan institutning barqarorlikni o‘rganish bo‘yicha direktori Emre Tiftik.
Ikkinchi chorakdagi qarzlar prognozining ijobiy belgisi bu – koronavirus inqirozi boshlanganidan beri birinchi marta global qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbati pasayganidir. Xususan, joriy yilning birinchi choragida global qarz yalpi ichki mahsulotga nisbati 362 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ikkinchi chorakda 353 foizga tushgan.
Xalqaro moliya institutining aytishicha, kuzatuvga olingan 61 ta mamlakatdan 51 tasida qarz YAIMga nisbatan pasaygan.
Ma’lum bo‘lishicha, qarz darajasining o‘sishi rivojlanayotgan bozorlar orasida keskin darajaga yetgan. Masalan, Xitoyning boshqa davlatlarga nisbatan qarzdorlik darajasi oshgan. Amerika Qo‘shma Shtatlarida esa qarz jamg‘arilishi qariyb 490 milliard dollarni tashkil etib, pandemiya boshlangandan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etgan.
LiveBarchasi