Glazgoda global iqlim sammiti yakunlandi. Greta uni “bla-bla-bla” deya izohladi
Olam
−
14 noyabr 2021
7488Glazgoda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP26) ishtirokchilarining 26-konferensiyasi yakunlandi. Konferensiya yakunlari bo‘yicha qabul qilingan bayonot ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi. Jumladan, Greta Tunberg bayonotni “bla bla bla”, deya izohladi.
Konferensiyaning yakuniy kelishuvi bir kunlik kechikish bilan qabul qilindi va dastlab nazarda tutilganidan ko‘ra yumshoqroq chaqiriqlardan iborat bo‘ldi.
Xususan, kelishuvda ko‘mir va boshqa turdagi qazib olinadigan yoqilg‘i energiyasidan “bosqichma-bosqich voz kechish” so‘zlari o‘rniga faqat “bosqichma-bosqich kamaytirish” so‘zlari qo‘llanildi.
“So‘nggi daqiqada ko‘mirning yirik iste’molchilari va ishlab chiqaruvchilari bo‘lgan davlatlar, xususan, Hindiston va Xitoy bosimi ostida kelishuv so‘zlarini yumshatishga to‘g‘ri keldi”, deya yozmoqda “Reuters”.
G‘arb davlatlari o‘zgarishlardan norozi edi. COP26 raisi, Buyuk Britaniya energetika vaziri Alok Sharma o‘zgarishlar uchun uzr so‘radi. Sharma yuqoridagi Hindiston va Xitoysiz yakuniy hujjat tasdiqlanishi mumkin emasligini tushuntirdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish sammitda erishilgan kelishuvlarni yetarli emas, deb bilishini aytdi. Ekologik faol Greta Tunberg sammit natijalarini “Bla bla bla” so‘zlari bilan izohladi.
Ma’lumot uchun, COP26 konferensiyasi joriy yilning 31 oktyabr kuni Glazgoda ochildi. Ushbu konferensiyada dunyo mamlakatlari yetakchilari global isishga qarshi kurash masalasida 2015 yilgi iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga qaraganda kattaroq majburiyatlarni olishlari kutilgan edi.
O‘z navbatida, AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Glazgodagi anjumanda qatnashishdan bosh tortgani uchun tanqid qildi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada “tundra yonmoqda”, lekin Putin biror chora ko‘rish kerakligi haqida jim. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunga javoban “Kaliforniyada ham o‘rmonlar yonayotganini” ta’kidladi.
LiveBarchasi