Ginalar unutilmoqda. Saudiya va Eron aloqalarni tiklamoqda
Olam
−
16 yanvar 2022
5439Eron va Saudiya Arabistoni diplomatik aloqalarini tiklamoqda va ikki davlatning elchixonalari ham qayta ochilmoqda. Bu haqda kecha, 15 yanvar kuni Eron parlamenti a’zosi ma’lum qilgan.
Eron parlamentidagi Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi a’zosi Jalil Rahimiy Jahonobodiy Twitter’da Eron va Saudiya Arabistoni 2016 yilda uzilgan diplomatik aloqalarni tiklashga hozirlik ko‘rayotganini bildirgan.
Jahonobodiyning aytishicha, mintaqaviy raqiblar o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi “Islom olamining birlashishi va rivojlanishi”da katta rol o‘ynaydi.
U Eronning xavfsizlik kuchlari va ommaviy axborot vositalarini Isroilning Tehron va Ar-Riyod o‘rtasidagi aloqalarni buzishga urinishi mumkin bo‘lgan harakatlaridan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan.
“Ikki muhim davlat – Eron va Saudiya Arabistoni munosabatlari qayta tiklanmoqda va elchixonalar qayta ochilishga tayyorlanmoqda. Bu qadam mintaqaviy taranglikni yumshatish va musulmon dunyosida birdamlikni oshirishda muhim ta’sir ko‘rsatadi. Xavfsizlik tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari sionistlar yovuzligi va ekstremistlarning ahmoqligidan ehtiyot bo‘lishlari kerak”, degan u Twitter’da.
Mintaqadagi sunniy va shia musulmonlarining qudratli davlatlari sanalgan Saudiya Arabistoni va Eron 2021 yil oxiridan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri diplomatik muzokaralarni qayta yo‘lga qo‘ygan edi.
Bundan avval BMT aralashuvi bilan tugatilgan Yamandagi urushlarda bu ikki davlatning manfaatlari to‘qnash kelishi oqibatida o‘rtadagi aloqalar mustahkamligiga putur yetgandi.
Ikki davlat munosabatlari uzilishiga yana bir katta sabab Livandagi notinchliklarda Eronning “Hizbulloh”ni qo‘llab-quvvatlab chiqqani bo‘lgan.
Yaqin-yaqindan boshlab rasmiy Tehron ikki davlat o‘rtasida diplomatik muzokaralar boshlangani haqida ommaga ma’lum qilib kelmoqda, ammo rasmiy Ar-Riyod hozircha bu haqida hech qanday ma’lumot berganicha yo‘q.
Behruz Saidov
LiveBarchasi