Daydi tutish “tepa”ning topshirig‘imi?
Intervyu
−
12 aprel 7685 2 daqiqa
PPX xodimini urgan mast haydovchining podpolkovnik akasi nega ishdan olindi? Tarqalgan videoda u janjalga aralashgani ko‘rinmagan-ku? “Daydi top! O‘zingni yo qarindoshingni bo‘lsa ham daydi qilib yoz”, deb inspektorlarga topshiriq bergan xodim buyruqni kimdan olgan? Tergov hibsxonalaridan chiqayotgan murdalar soni qancha? Shu kabi so‘nggi kunlarda juda ko‘pchilikda paydo bo‘layotgan savollarga bugun, 11 aprel kuni Ichki ishlar organlari faoliyati yuzasidan joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha tahliliy hisobot mavzusida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida javob berildi.
Avvalroq, Toshkent shahrida mast holda mashina boshqargan erkak post-patrul xizmati xodimiga musht tushirgani va jarayonga uning akasi podpolkovnik aralashgani uchun ishdan olingani xabar qilingan edi. “QALAMPIR.UZ” jurnalisti tarqalgan videoda podpolkovnik Sherzod Pardayev noqonuniy harakat yoki jiddiy qarshilik qilgani aks etmagani, u o‘zining mansabini pesh qilib, bosim o‘tkazgani aks etmagan bo‘lsa-da, ishdan olinganiga batafsil izoh so‘radi.
Bu so‘roqqa Ichki ishlar vazirligi mas’uli, vazirlikning shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Husniddin Azizov javob berdi.
“Xodimlarning faoliyatini tartibga soluvchi maxsus normalar bor. O‘sha vaziyatda xodim nima qilish kerakligini yaxshi bilardi, ammo u bunday qilmagan”, dedi vazirlik mas’uli.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimining profilaktika inspektorlariga ko‘chalardan daydi topib, bayonnoma rasmiylashtirish va planni to‘ldirishni buyurgani haqida audio va video tarqalgandi. Ushbu xodim ishdan olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ jurnalisti savoliga javoban IIV vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashrapov ma’lum qildi.
Shuningdek, 2026-yilning birinchi choragida Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan 36 ta jinoyat sodir etilgani ham ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, jinoyat sodir etgan xodimlarning 25 foizi jabrlanuvchilar murojaati asosida aniqlangan. Qolgan 75 foizi vazirlik tashabbusi asosidagi ichki tekshiruvlar bilan fosh etilgan. Vazirlik rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, qonunbuzar xodimlarning barchasi ishdan bo‘shatilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqilish uchun prokuraturaga yuborilgan.
Bugun tergov jarayoni haqida gap ketganida tizimdagi xodimlarning muomala va munosabati alohida savollarni keltirib chiqaradi. Isbot esa o‘tgan yili Ichki ishlar vakolatidagi masalalar bo‘yicha qilingan murojaatlarning sonida ko‘rinadi. Aholi tomonidan yo‘llangan 148 mingdan ortiq murojaatning orasida Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘p bo‘lgan. Bu mavzuda berilgan savollarga ham uchrashuv davomida ochiq javob berildi.
Jarayondan tayyorlangan reportajni batafsil YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin!
Live
BarchasiO‘zbekistonda zilzila sodir bo‘ldi
12 aprel