Germaniya Rossiya neftidan butunlay voz kechmoqchi – “Bloomberg”

Olam

image

Germaniya Yevropa Ittifoqi neft importiga hamjamiyat miqyosida embargo qo‘yish bo‘yicha kelisha olmasa ham yil oxirigacha Rossiyadan neft importini to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Bloomberg” nemis hukumatidagi manbalarga tayanib, xabar berdi.

Qayd etilishicha, Germaniya rasmiylari muqobil yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzishga harakat qilmoqda. Hukumat yaqin olti-yetti oy ichida qolgan logistika muammolarini hal qila olishiga ishonchi komil. Manbalarga ko‘ra, Germaniya kansleri Olaf Shols boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasi Ukrainadagi maxsus "harbiy operatsiya"ga javoban Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi joriy etgan sanksiyalari doirasida o‘z milliy rejasini ilgari surish niyatida. Biroq federal hukumat neft tanqisligini qaysi davlatlar orqali qoplashini aniqlamadi.

Xulosa o‘rnida qayd etilishicha, Sholsning Niderlandiya Bosh vaziri Mark Rutte bilan 19 mayga rejalashtirilgan muzokaralarida, shuningdek, Qatar Amiri Xamad bin Xalifa Al Tani bilan 20 may kuni Berlinda bo‘ladigan uchrashuvda neft embargosi va energiya xavfsizligi asosiy mavzular bo‘lishi kutilmoqda.

Ukrainada urush boshlanganidan beri Germaniya allaqachon Rossiyadan import qilinadigan xom neft ulushini 35 foizdan 12 foizga kamaytirdi. Berlin xomashyoning muqobil manbalarini oshkor etmayapti.

2022 yil oxirigacha Rossiya neftiga embargo joriy etilishi Yevrokomissiya rahbari 4 may kuni rasman e’lon qilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari oltinchi paketining bir qismi edi.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya dastlab embargoga qarshi chiqqan, ammo oxir-oqibat uni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan. Biroq, Vengriya ochiqchasiga Rossiyadan neft importini taqiqlashni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi.

“Bloomberg” agentligining yozishicha, Yevrokomissiya Vengriya, shuningdek, Slovakiya va Chexiyaga (har uchala davlat ham Rossiya neftiga qattiq qaram) embargoni keyinga surishni taklif qilgan. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban embargoni may oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan YeI yetakchilari sammitida muhokama qilishni taklif qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

180

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing