“Genotsidga tomoshabinmiz va hech narsa qilolmayapmiz”. BMT amaldori Falastin uchun iste’foga chiqdi

Olam

image

Kreyg Moxiber BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligining Nyu-Yorkdagi idorasi direktori lavozimidan iste’foga chiqdi. Chunki u 30 yildan ortiq ishlagan jahon tashkiloti Isroil-Falastin mojarosini hal qilish bo‘yicha o‘z vazifalarini bajara olmayapti, deb hisoblaydi. Bu haqda uning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turkga yo‘llagan maktubida aytiladi. 

“Bu BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligining Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi direktori sifatida siz bilan so‘nggi rasmiy muloqotim. Biz yana bir bor ko‘z o‘ngimizda genotsid sodir bo‘layotganiga guvoh bo‘lyapmiz va biz ishlayotgan tashkilot buni to‘xtatishga ojizdir”, deb yozgan u. 

Uning qayd etishicha bu genotsidning darslik namunasidir. 

“Qo‘shma Shtatlar, Buyuk Britaniya va Yevropaning katta qismi hukumatlari dahshatli hujumga to‘liq sherik bo‘lishdi. Bu hukumatlar nafaqat Jeneva konvensiyalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortmoqda, balki ular hujumlarni qurollantirmoqda, iqtisodiy va razvedka yordamini ko‘rsatmoqda va Isroil vahshiyliklarini siyosiy va iqtisodiy himoya qilmoqda”, deydi iste’foga chiqayotgan amaldor. 

Moxiberning qayd etishicha, so‘nggi o‘n yilliklarda BMTning asosiy tuzilmalari o‘z prinsiplari va xalqaro huquqdan uzoqlashib, Qo‘shma Shtatlar kuchiga, shuningdek, Isroil lobbisi qo‘rquviga bo‘ysungan.  

“Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi “Al-Nakba” (Falastinliklar 1948 yil 14 mayda Isroil davlati e’lon qilinganidan keyin 15 may kuni “Falokat kuni”ni nishonlaydilar) bilan bir yilda qabul qilingani hayratlanarli tarixiy kinoyadir. 

Tinchlik rejasi

Rasmiy 10 banddan iborat rejani taklif qildi, uning amalga oshirilishi, uning fikricha, BMTga Falastin-Isroil mojarosini hal qilishda yordam berishi mumkin. Bular butun tarixiy Falastinda nasroniylar, musulmonlar, yahudiylar uchun teng huquqli yagona demokratik, dunyoviy davlat yaratishni qo‘llab-quvvatlash va tinch aholini himoya qilish uchun BMT mandatiga ega bo‘lgan yaxshi jihozlangan kuchlarni joylashtirishni o‘z ichiga oladi.

Moxiberning fikricha, BMT Isroilning yirik yadroviy, kimyoviy va biologik qurol arsenallarini yo‘q qilish tarafdori bo‘lishi, Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa G‘arb davlatlari ishonchli vositachilar emasligi hamda mojaroning ancha faol tomonlari va Falastin aholisining huquqlarini buzishda Isroil bilan sherik ekanligini tan olishi kerak. 

“Biz bu shunchaki yer yoki din bo‘yicha ikki tomonlama ziddiyat deb da’vo qilishni bas qilishimiz va nomutanosib ravishda kuchliroq davlatning mahalliy aholini millatiga ko‘ra mustamlaka qilish, quvg‘in qilish va egallab olish haqiqatini tan olishimiz kerak”, deyiladi maktubda.

Uning bildirishicha, bunga erishish uchun yillar kerak bo‘ladi va G‘arb davlatlari bu borada har qadamda qarshilik ko‘rsatadi.

“Qisqa muddatda biz zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, shuningdek, G‘azoning o‘nlab yillar davom etgan qamalini to‘xtatish, G‘azo, Quddus va G‘arbiy Sohilda etnik tozalashga qarshi kurashishimiz, G‘azoga genotsid hujumini hujjatlashtirish, falastinliklarga katta miqdordagi gumanitar yordam va rekonstruksiya resurslarini yetkazib berishga yordam berish, jarohatlangan hamkasblar va ularning oilalariga g‘amxo‘rlik qilish va BMT siyosiy tuzilmalarida prinsiplarga asoslangan yondashuv uchun tish va tirnoq bilan kurashishimiz kerak”, deydi Moxiber.

Maktubi oxirida Moxiber BMTning Falastin masalasida mag‘lubiyatga uchragani jahon tashkilotining bu masaladan uzoqlashishiga sabab bo‘lmasligi kerakligini aytgan.  

“Dunyo bizga qaraydi, bu tarixiy lahzada qaysi tomonda ekanligimiz uchun barchamiz javobgar bo‘lamiz. Keling, adolat tarafini tanlaylik”,deya xulosa qilgan u. 


Maqola muallifi

Teglar

BMT G'azo sektori Kreyg Moxiber

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing