Gender tenglik bo‘yicha ekspert: Transport va Energetika vazirliklarida juda kam sonli ayollar faoliyat yuritadi

Intervyu

Kecha, 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasida 2020-2030 yillarda gender tenglikka erishish strategiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bosh maslahatchisi Nodira Shotursunova QALAMPIR.UZ muxbiriga gender tenglik masalasida duch kelinayotgan muammolar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

“Respublikaning qaysi sohalarida ayollar o‘rni va roli ko‘rsatkichlari yuqori yoki past degan savollarga javob izlashda biroz qiyinchiliklarga duch keldik. Muammolarga duch kelgan vazirlik-idoralarga to‘xtaladigan bo‘lsak, aynan ayollarimiz kam faoliyat yuritayotgan tashkilotlarni nazarda tutishimiz mumkin. 

Transport va Energetika vazirliklarida juda kam sonli ayollar faoliyat yuritadi. Shuning uchun ham gender tenglik tushunchasini ularga chuqurroq singdirishimiz va ulardan ushbu yo‘nalishda fikrlarini olishimiz ozgina qiyinchilik tug‘dirdi. Aynan mazkur qiyinchiliklarni bartaraf qilish uchun gender tenglikni ta’minlash komissiyasi tomonidan seminar-treninglar tashkil qilindi”, deydi Nodira Shotursunova.

Unga ko‘ra, gender tenglik deganda, ko‘pchilik ayollar bilan bog‘liq munosabatlarni tushunmoqda. Lekin gender tenglik bu jamiyatda erkak va ayollarning tengligi hisoblanadi. Yana ayrimlarda gender tenglik deganda jamiyat va oilada ayollarning ustunroq huquqqa ega bo‘lishi degan yo‘nalishdagi fikrlar paydo bo‘ldi. Ammo gender tenglikni ta’minlashdan asosiy maqsad jamiyatda ayollar rolini erkaklardek oshirish hisoblanadi. Shu bilan birga, oiladagi munosabatlar urf-odatlar, mentalitetga sodiq holda saqlanib qolinishi kerakligini tushuntirdi mas’ul ekspert.

Erkaklar va ayollar huquqlarini teng ta’minlash uchun strategiya ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan. O‘tkazilgan muhokama ham shunga bag‘ishlangan yakuniy bosqichlardan biri bo‘lgan. Loyiha mas’ullari strategiyani ishlab chiqishda bir qator muammolarga duch kelgan. Asosiy sabab sifatida “gender” atamasi jamiyat uchun hali yangiligi taxmin qilingan. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

13

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing