Gender tengligini ta’minlash iqtisodiyotni 12 trillion dollarga oshiradi – BMT
Olam
−
03 dekabr 2022
3550Ish joyida gender tengligini ta’minlash 2025 yilga borib jahon iqtisodiyotini 12 trillion dollarga oshirishi mumkin. Bu haqda Tokioda Butunjahon ayollar assambleyasining ochilishida BMTning Ayollar bo‘yicha ijrochi direktori Sima Sami Baxus aytib o‘tdi, deb yozmoqda TASS nashri.
“Dunyodagi mehnatga layoqatli aholining yarmini tashkil etuvchi ayollar o‘z imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarmasa, gender tengsizligi katta iqtisodiy muammoga aylanadi. Ayollar va erkaklar tengligini ta’minlash 2025 yilga borib global o‘sishga 12 trillion dollar qo‘shishi mumkin”, deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyoda ayollarning jamiyatdagi mavqeini yaxshilash tendensiyasi kuzatilmoqda. Biroq pandemiya bu jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatib, oiladagi zo‘ravonlikning kuchayishiga va ayollar o‘rtasida ish vaqtining qisqarishiga olib keldi, chunki onalar bog‘chalar yopilgandan keyin o‘z farzandlariga qarashga majbur bo‘ldi.
“Hozirgi taraqqiyot sur’atida gender tengligiga erishish, kamsituvchi qonunlarni bekor qilish va huquqiy himoyadagi bo‘shliqlarni bartaraf etish uchun bizga 300 yil kerak bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi Sima Sami Baxus.
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida assambleyadagi nutqida Tokio kelgusi yilgi G7 raisligini hisobga olgan holda yaxshiroq jamiyat yaratish maqsadida ayollarning salohiyatini ko‘rsatadigan “yangi kapitalizm uchun gender tengligini tatbiq etish” konsepsiyasini ilgari surishini aytdi.
Shuningdek, tadbirda Islandiya Prezidenti Gudni Yoxannesson, Moldova Prezidenti Mayya Sandu ishtirok etmoqda. AQSHning sobiq davlat kotibi Xillari Klinton, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen, Finlyandiya Bosh vaziri Sanna Marin ham forum ishtirokchilariga o‘z videomurojaatlarini yo‘lladi.
Ma’lumot uchun, Butunjahon ayollar assambleyasi yig‘ilishlari 2014 yildan beri Yaponiya tomonidan o‘tkazib kelinadi. Hozirgisi ketma-ket oltinchi tadbirdir, chunki oldingi bir nechta uchrashuv pandemiya sababli bekor qilingan edi.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi