Gazlama-mato, bo‘yash va tikuvchilik bo‘yicha imtiyozlar berilyapti
Jamiyat
−
09 noyabr 2023
4132Endilikda 2025 yil 1 yanvarga qadar paxta va sun’iy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini yanada takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida kelgusi yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.
Qayd etilishicha, bu yilgi paxta hosilini to‘liq qayta ishlash natijasida 2024 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 9,6 milliard dollarga, eksportni esa 4,5 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilindi.
Buning uchun gazlama-mato, bo‘yash va tikuvchilik bo‘yicha yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yaratib beriladi:
• bo‘yalgan matoni 50 foizdan kam bo‘lmagan qismini ichki bozorga sotgan korxonalar ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘laydi, ularga mol-mulk solig‘ini 3 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;
• 2025 yil 1 yanvarga qadar paxta va sun’iy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;
• to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari uchun zarur texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlarini import qilishda ular bojxona bojidan ozod qilinadi.
Yuqori Chirchiqda gazlama ishlab chiqarish va bo‘yoqxonalar tashkil qilish, Qoraqalpog‘istonda sun’iy tola, gazlama-mato ishlab chiqarish va bo‘yoqxona tashkil etish bo‘yicha loyihalar boshlangan. Ushbu korxonalar kelgusi yil ishga tushirilib, tadbirkorlarga sanoat ipotekasi asosida beriladi.
Hududlar rahbarlariga shunday yirik loyihalarni amalga oshirish hisob-kitob qilishga ko‘rsatma berildi.
LiveBarchasi