G‘arb yetakchilari Ukrainaga YeIga nomzod maqomini olib kelgan – Rasmiy Kiyev
Olam
−
16 iyun 2022
5185Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Italiya Bosh vaziri Mario Dragi hamda Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomi berilgani haqidagi xabar bilan Kiyevga keldi. Bu haqda Ukraina Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Viktor Andrusiv ma’lum qilgan.
“Menda bor ma’lumotlarga ko‘ra, Yoxannis, Makron, Shols va Dragi bizga YeI nomzodi va [Rossiya Prezidenti Vladimir] Putin bilan muzokaralar jarayoniga qaytish so‘rovi bilan kelgan”, deydi Andrusiv.
Shuningdek, Ukraina Oliy Radasi deputati ham G‘arb yetakchilari Kiyevga YeI a’zoligiga nomzod maqomini keltirayotganini aytib o‘tgan.
Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak uchrashuvdagi asosiy mavzular oziq-ovqat xavfsizligi, qurol-yarog‘ va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 16 iyun kuni Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Italiya Bosh vaziri Mario Dragi, shuningdek Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis Kiyevga keldi. Safardan asosiy maqsad Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni ko‘rsatishdir.
LiveBarchasi