G‘arb o‘q otmasdan yo‘q qilindi – Mariya Zaxarova
Olam
−
15 fevral 2022
3113015 fevral G‘arbning urush targ‘iboti barbod bo‘lgan kun sifatida tarixda qoladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ta’kidladi.
“2022 yilning 15 fevral kuni G‘arb urush tashviqoti barbod bo‘lgan kun sifatida tarixga kiradi. Ular sharmanda bo‘lib, o‘q otmasdan yo‘q qilindi”, deb yozgan Zaxarova o‘zining Telegram kanalida.
Qayd etish kerakki, Rossiyaning mashg‘ulotlar tufayli Ukraina bilan chegaraga qo‘shin to‘plashi sabab Sharqiy Yevropada inqiroz yuzaga keldi. Ayni vaqtda AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytgandi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qildi.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyati yo‘qligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.
Shu fonda AQSHning Ukrainadagi elchixonasi xodimlari Kiyevdan Lvovga ko‘chirildi. Avstraliya va Kanada ham diplomatik vakolatxonalarini ushbu shaharga ko‘chirmoqchi.
LiveBarchasi